Prezident madaniyat, sanʻat va adabiyot namoyandalaridan bir guruhiga davlat mukofotlarini topshirdi

Saqlash
12:52 / 01.06.2026 38 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28-maydagi farmoni bilan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlangandi. 1-iyun kuni Xalqaro kongress markazida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.


Davlatimiz rahbari tadbirda soʻzga chiqib, mamlakat qudrati nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlar, balki uning maʼnaviyati, madaniyati, adabiyot va sanʼati bilan ham belgilanishini taʼkidladi.
 

“Qaysi millatning adabiyoti boy, musiqasi yurakka yaqin, teatri hayotiy, kinosi taʼsirchan, sanʼati jozibador boʻlsa, oʻsha xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi”, dedi Prezident.
 

Tadbirda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida inson qalbini tarbiyalaydigan katta maʼnaviy makon yaratilayotgani qayd etildi. Bu borada ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, kreativ soha vakillarining oʻrni beqiyos ekani taʼkidlandi.


Davlat rahbari sohaning 167 nafar ilgʻor vakili yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Ular orasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga ulkan hissa qoʻshgan yozuvchi va shoirlar, xonanda va sozandalar, raqs ustalari, opera ijrochilari va bastakorlar, teatr, kino va sirk sanʼati namoyandalari, baxshilar va askiyachilar, hunarmand va rassomlar, madaniy meros, muzey va kutubxona xodimlari, ustoz va murabbiylar borligi barchamizga faxr bagʻishlashi eʻtirof etildi.


Shu bilan birga, bugun oramizda boʻlmasa-da, soʻzi, kuy-qoʻshigʻi, ijodi va butun hayoti bilan xalqimiz qalbida mangu yashab kelayotgan adabiyot, madaniyat va sanʼat dargʻalarining muqaddas xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatildi. Ularning 24 nafari davlat mukofotlari bilan vafotidan soʻng taqdirlandi.


“Yurtimizdagi har bir insonning, hatto ular oʻtib ketgan boʻlsa-da, xizmatlarini munosib eʼtirof etish ham bizning maʼnaviy burchimizdir. Bu ajdodlar xotirasini yuksak qadrlaydigan xalqimizning koʻnglidagi ish boʻldi”, dedi Prezident.


Marosimda Prezident mukofot sohiblariga faxriy unvonlar, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//