Endi oʻzbekistonliklar Xitoyga vizasiz sayohat qilishi mumkin

Saqlash
09:09 / 02.12.2024 47 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi oʻrtasidagi kelishuvga asosan, kecha, 1-dekabr kuni Chendu shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida oʻzaro vizadan ozod qilish toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi.

 

Ushbu xalqaro shartnoma endilikda Oʻzbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududlariga oʻzaro vizasiz safar qilishlariga doir masalalarni tartibga soladi.

 

Jumladan, hujjat bilan Oʻzbekiston va Xitoy fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun 30 kungacha muddatga viza talablaridan ozod qilinadi.

 

“Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yoʻlidagi yana bir muhim qadamdir”, deb yozdi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.

 

 

Maʼlumot uchun, mazkur xalqaro shartnoma tomonlar zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganidan soʻng kuchga kiradi.

 

Oldinroq bu ikki davlat oʻrtasida vizasiz rejim oʻrnatilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//