“Sanksiyalar siyosati, proteksionizmning kuchayishi va boshqa koʻplab omillar mamlakatlarimizga haddan tashqari salbiy taʼsir koʻrsatmoqda” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
14:41 / 17.09.2024 212 0

Oʻzbekiston Prezidenti Ostona shahrida boshlangan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitida ishtirok etmoqda. Prezident matbuot xizmati davlat rahbarining undagi nutqi matnini eʼlon qildi.

 

Shavkat Mirziyoyev avvalo samimiy qabul va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorchilik bildirgan va Germaniya Federal Kanslerining mintaqa mamlakatlari bilan koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish tarafdori ekani uchun tashakkur izhor qilgan.

 

Shuningdek, davlat rahbari bunday formatdagi uchrashuvlarni muntazam oʻtkazib borishdan tomonlar manfaatdor ekanini bildirgan.

 

“Biz Germaniyaning mamlakatlarimizda olib borilayotgan demokratik oʻzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, Markaziy Osiyodagi hamkorlik va integratsiyani qatʼiy hamda oʻzgarmas qoʻllab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz”, degan Prezident nutqi davomida.

 

Mirziyoyev global miqyosdagi beqarorlik, sanksiyalar siyosati kabilar mamlakatlarga keragidan ortiq darajada salbiy taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidlagan.

 

“Mojarolar va urushlar, umuman, global miqyosdagi beqarorlik va vaziyat qaysi tomonga oʻzgarishi noaniq boʻlib qolayotgani, sanksiyalar siyosati, proteksionizmning kuchayishi va boshqa koʻplab omillar mamlakatlarimizga haddan tashqari salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, milliy islohotlarimizni amalga oshirishda jiddiy sinovga aylanmoqda”, deya kuzatilayotgan muammolarni urgʻulagan Prezident.

 

Oʻzbekiston Prezidenti shu bilan birga Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy 6 yoʻnalishini ham bayon etgan:

 

Birinchi. Markaziy Osiyo va Germaniya oʻrtasida oʻrnatilgan mintaqa barqarorligi, barqaror rivojlanishi va farovonligini taʼminlash boʻyicha umumiy manfaatlarimizga javob beradigan strategik mintaqaviy hamkorlikni yuksak qadrlaymiz.

 

Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

 

Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahliliy markazlari Forumini taʼsis etish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif qilamiz.

 

Uning birinchi yigʻilishini kelgusi yili mintaqadagi qadimiy shaharlardan biri, nemis-mennonitlarining katta jamoasi yashagan Xivada oʻtkazishga tayyormiz.

 

Sammitlarimiz kun tartiblarini tayyorlashda mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yillik uchrashuvlari muhim rol oʻynaydi, deb hisoblaymiz.

 

Ikkinchi. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklik.

 

Taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekistonda nemis kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilgan va istiqbolli loyihalar umumiy portfeli 20 milliard yevrodan oshmoqda. Ular energetika, kimyo, togʻ-kon sanoati, mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishlarini qamrab oladi.

 

Sheriklarimiz orasida – Germaniyaning yetakchi, jumladan, “Simens”, “Linde”, “BASF”, “MAN”, “Klaas”, “Xenkel”, “Knauf” va boshqa koʻplab kompaniyalari soʻnggi bir necha yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 6 milliard yevro sarmoya kiritdi.

 

Bugun bizda nemis biznesi vakillari bilan istiqbolli rejalarni muhokama qilish imkoniyati bor.

 

Ishbilarmonlar hamkorligini rivojlantirish maqsadida quyidagilarni taklif etaman: Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya sarmoyaviy va texnologik hamkorligini kengaytirishning yoʻl xaritasini ishlab chiqish; chegara hududlarida yaratilayotgan alohida iqtisodiy va sanoat zonalaridagi hamda mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalarni amalga oshirishga yetakchi nemis kompaniyalari va banklarini jalb etish; doimiy biznes-muloqot maydonchasi – “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirish. Uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Toshkent investitsiya forumi doirasida Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormiz; investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqish.

 

Uchinchi. Germaniyaning ilgʻor bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xom-ashyo resurslari sohasida sheriklik.

 

Avval ham qayd etganimizdek, mintaqamiz foydali qazilmalarga boy. Germaniya mineral resurslar agentligi va nemis kompaniyalari bu sohada bizning muhim sheriklarimiz boʻlishi mumkin.

 

Bu oʻrinda gap geologiya razvedkasi, jadal oʻzlashtirish, qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda.

 

Oʻzbekiston qoʻshni mamlakatlardagi bunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor.

 

Mintaqamizda muhim xomashyo va nodir yer osti metallari aniqlangan konlarining raqamli kartasini yaratish boʻyicha dasturni ishlab chiqishda Germaniya texnik koʻmagini jalb etish istiqbollidir. Bunday hamkorlikning ishonchli huquqiy bazasini shakllantirish muhim deb hisoblaymiz.

 

Toʻrtinchi. “Yashil” energetika.

 

Soʻnggi yillarda mamlakatlarimizda quyosh, shamol, gidroenergetika faol rivojlanmoqda, issiqlik stansiyalari va tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda, “yashil” vodorod loyihalari ilgari surilmoqda.

 

Energetika vazirliklari, korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar, loyiha institutlari va tarmoq ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetik muloqotini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz.

 

Biz Germaniya texnik koʻmagini jalb etgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislarimiz salohiyatini oshirish kompleks dasturini tayyorlashdan manfaatdormiz.

 

Beshinchi. Iqlim oʻzgarishlariga birgalikda javob qaytarish.

 

Ekspertlar prognoziga koʻra, Markaziy Osiyo mintaqasi global isish oqibatlariga nihoyatda bogʻliq boʻlib qolmoqda. Oʻrtacha haroratning oshishi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki barobar koʻproq boʻlmoqda.

 

“Yashil Markaziy Osiyo” dasturlari ikkinchi doirasi ishga tushirilgani va iqlim oʻzgarishlariga mintaqaning moslashuviga koʻmak uchun nemis tomoniga minnatdorlik bildiraman.

 

Biz Atrof muhim va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish boʻyicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirishdan, suvdan oqilona foydalanishda nemis texnologiyalarini joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, bioxilma-xillikni saqlash, mutaxassis-ekologlarni tayyorlashda hamkorlik dasturlarini qabul qilishdan manfaatdormiz.

 

Germaniya Kanslerining Markaziy Osiyo tabiat hamkorligini yaratish boʻyicha tashabbusini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz va qoʻllab-quvvatlaymiz.

 

Oltinchi. Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta toʻsiq boʻlmoqda.

 

Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʻlovchi muqobil transport yoʻlaklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniya koʻmagiga tayanamiz.

 

Kelgusi yili ushbu yoʻnalishlar tranzit salohiyatini oshirish yoʻllarini izlash boʻyicha vazirlar qoʻshma konferensiyasini oʻtkazishni taklif etamiz”, deya yoʻnalishlarni sanab oʻtgan Prezident.

 

Bundan tashqari, davlat rahbari Germaniyaning yirik shaharlarida sanʼat va kino kunlarini oʻtkazish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni hamda muzey fondlari hamkorligini oʻrnatishni taklif etgan.

 

“Biz mamlakatlarimizda Madaniy tadbirlar qoʻshma rejasi qabul qilinishi tarafdorimiz, Germaniyaning yirik shaharlarida sanʼat va kino kunlari oʻtkazish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni va muzey fondlari hamkorligini oʻrnatishni taklif etamiz.

 

Ilmiy-maʼrifiy almashuvlar sohasida yetakchi oliygohlar sherikligi uchun platformani ishga tushirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlari nemis tili oʻqituvchilarini tayyorlash boʻyicha dasturlar ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz.

 

Shu yozda Gottingen shahrida oʻtgan Butunjahon olimpiadasida oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilarining gʻalaba qozongani ham yoshlarimizning nemis tilini oʻrganishga boʻlgan yuksak qiziqishiga yorqin misoldir”, degan Mirziyoyev.

 

Oʻzbekiston Prezidenti terrorizm va ekstremizm, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlarning radikallashuvining oldini olish boʻyicha yaqin hamkorlikni davom ettirish muhimligini ham urgʻulagan.

 

Markaziy Osiyodagi xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afgʻonistonda roʻy berayotgan jarayonlar bilan uzviy bogʻliqligini aytar ekan, oʻz muammolari bilan deyarli yakka oʻzi qolgan ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligini bildirgan.

 

“Shu munosabat bilan Germaniya va Yevropadagi boshqa sheriklarimiz bilan ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb etish, Termizdagi taʼlim markazida kadrlar, jumladan, xotin-qizlarni, Afgʻoniston tinch hayoti uchun zarur boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

 

Soʻzimning nihoyasida shuni alohida taʼkidlamoqchiman, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi bilan Germaniya koʻp qirrali hamkorlik salohiyatini yanada toʻliqroq roʻyobga chiqarishdan manfaatdordir.

 

Ishonchim komil, bugungi uchrashuvimiz mamlakat va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, strategik sherikligimizni aniq loyiha va dasturlar bilan toʻldirishga imkon beradi”, deya nutqini yakunlagan Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi yangiliklar

Barchasi

Ilm-fan

18:42 / 04.10.2024 0 439
10 yoshli bola IELTS'dan 7 ball oldi

Jamiyat

17:35 / 04.10.2024 0 415
Xususiy maktab oʻqituvchilari oʻquvchini urdi

Jamiyat

16:38 / 04.10.2024 0 315
Ijodiy faoliyatga oid qonun qabul qilindi

Jamiyat

14:43 / 04.10.2024 0 397
Ertaga 9 ta viloyatda yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

//