Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlikka chaqirdi

Saqlash
10:17 / 10.11.2025 40 0

Raqobat qo‘mitasiga hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha 2 345 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shulardan 337 tasi (14 foizi) biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalariga taalluqlidir.

 

Xabarga ko‘ra, murojaatlarning aksariyati fuqarolarning telekanallar, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ishonib, biologik faol qo‘shimchalarni xarid qilgani, biroq ularning kutilgan natijani bermagani yoki sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatgani bilan bog‘liq.

 

Shularni inobatga olgan holda Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlikka chaqirmoqda.

 

Bu jarayonda qo‘mita biologik faol qo‘shimchalarni “dori” sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikni tavsiya etmoqda.

 

“Barcha kasalliklarni 1 oyda davolaydi” kabi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va’dalar — aldov reklamalardir. Faqatgina Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan, rasmiy sertifikati mavjud mahsulotlardan foydalaning.

 

Esda tuting: sog‘lig‘ingiz — eng katta boyligingiz. Reklamaga emas, haqiqiy tibbiy ma’lumotga ishoning!" deyiladi ogohlantirishda.

 

Ma’lumot uchun, biologik faol qo‘shimchalar (BAQ) dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Ular faqat organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yoki ayrim kasalliklarning oldini olish (profilaktika) maqsadida qo‘llanilishi mumkin. Shuning uchun, har qanday qo‘shimchani iste’mol qilishdan avval shifokor bilan maslahatlashish shart.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//