Bayramlar uchun berilgan ketma-ket dam olish kunlari kimlarga yoqmaydi?

Saqlash
16:38 / 27.08.2024 980 0

Xabaringiz bor, bu yil Oʻzbekistonda Mustaqillik bayrami munosabati bilan ketma-ket 4 kun dam olish kuni boʻladi. Koʻpchilik bu kunlarda qayergadir borish yoki qandaydir koʻngilochar yumush bilan shugʻullanishni rejalashtirishi aniq. Biroq shunday toifa insonlar borki, ular bayram kunlari tezroq tugashini xohlaydi.

 

Amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyev oʻz sahifasiga joylagan postiga koʻra, tergov va sud jarayonida ehtiyot chorasi sifatida vaqtinchalik tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar bayram kunlari tezroq tugashini xohlashar ekan.

 

Bunda eʼtibor ularning ayblilik yoki aybsizligida emas, aybsizlik prezumpsiyasiga asosan aybsiz ekanligiga qaratilgan.

 

Postda yozilishicha, mazkur toifaga kiruvchi shaxslar 5 ta sabab tufayli bayram kunlari tezroq oʻtib ketishini istashadi.

 

Bular:

▪️ bayramdan kamida 3-4 kun oldin xavfsizlikni taʼminlash maqsadida “etap qilish” toʻxtatilganligi sababli tergov va sud jarayonlari ham vaqtinchalik toʻxtatiladi;

 

▪️ bayram kunlari tergov hibsxonalariga “дачка” kiritish toʻxtatiladi, yaʼni oziq-ovqat va kiyim-kechak kiritish mumkin emas;

 

▪️ qamoqda saqlanayotganlarning advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan uchrashuvlari bayram davrida toʻxtatiladi;

 

▪️ hududiy vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar ham xavfsizlik nuqtai nazaridan markaziy tergov hibsxonalariga olib kelinadi. Oqibatda, oʻzi toʻlib-toshib yotgan kameralarda uxlash uchun hatto yerda ham joylar yetishmay qoladi;

 

▪️ har kunlik toza havoga sayr qilish jarayonlari ham ichki ishlar xodimlarining bayram tadbirlariga jalb qilinganligi sababli toʻxtatiladi.

 

Bundan tashqari, xabarda keltirilishicha, bayram kunlari tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar tili bilan aytganda, “мороз” boshlanadi. Bu holat 4 kunlik bayramdan keyingi kuchaytirish yechilgunga qadar yana 3-4 kun davom etadi. Natijada, 4 kunlik bayram bu toifa shaxslar va ularning yaqinlari uchun kamida 10 kunga choʻziladi.

 

Aynan yuqorida keltirilgan sabablar tufayli tergov va sud jarayonida ehtiyot chorasi sifatida vaqtinchalik tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar bayram kunlari tezroq tugashini xohlashadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//