Ozodbek Nazarbekov ayrim xonandalarning toʻyga 10 ming dollar evaziga borishiga munosabat bildirdi

Saqlash
15:03 / 20.08.2024 1178 0

AOKAda Madaniyat vazirligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida vazir Ozodbek Nazarbekov bugungi kunda ayrim xonandalarning 10 ming dollar evaziga toʻyga borishiga munosabat bildirdi, deb xabar berdi Daryo.uz.

 

Nashrning yozishicha, Nazarbekov toʻyga mashhur sanʼatkorni olib kelish – orzu-havas. Bu esa pul evaziga boʻladi.

 

“Mashhur kiyim doʻkonlaridan birida oddiy paypoq 200 dollar turibdi. Nimaga hech kim shikoyat qilmaydi? Nega hech kim “Men shu paypoqni olib kiygim kelyapti, lekin narxiga qurbim yetmaydi”, demaydi. Toʻyimga falonchi kelsin, degan narsa orzu-havas. Kechirasizlar-u, orzu-havas pul evaziga boʻladi, hamma joyda”, degan Madaniyat vaziri.

 

U, shuningdek, sanʼatkorning toʻyda qatnashish yoki qatnashmasligi yoshlarning baxtli boʻlish yo boʻlmasligida hech qanday ahamiyat oʻynamasligini taʼkidlaydi.

 

“Siz menga “Munisa Rizayeva toʻyiga bormagani uchun yoshlar baxtsiz boʻladi”, degan argumentni keltirib bering, kerak boʻlsa, men buni qaror loyihasiga kiritaman. Agar xalqimiz shu bilan baxtli boʻladigan boʻlsa, bu narsani biron qaror loyihasiga kiritamizki, eng mashhur sanʼatkorlar toʻyma-toʻy yurib, qoʻshiq kuylab yuradi, deya Nazarbekovning soʻzlarini keltiradi Daryo nashri.

 

Maʼlumot oʻrnida, hozirda Munisa Rizayevaning Toshkent toʻylaridagi “birrov” xizmati narxi 1200 dollar boʻlib, intervyulardan birida xonandaning oʻzi bir kunda oʻrtacha 5 ta toʻyga borishini aytib oʻtgan.

 

Oldinroq Madaniyat vaziri “Ovoz” loyihasi va unga sarflanayotgan pul muhokamasiga munosabat bildirib, agar malomatlar tugamasa, uyini sotib boʻlsa ham shu pulni qaytarishini aytgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//