“Muhimi, raqamlarda ijobiy siljish bor” – Hilola Umarova maktab bitiruvchilarining OTMga kirish oʻrtacha ballari oshganini maʼlum qildi

Saqlash
19:49 / 30.07.2024 436 0

Joriy yil 345 ming nafar abituriyent 56,7 ball ham toʻplay olmagani, bu raqamlar oʻqishga topshirganlarning 46,9 foizini tashkil qilishi haqida xabar bergan edik.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova bu vaziyatga izoh berdi va koʻrsatkichlar oʻtgan yillarga qaraganda yaxshilanganini maʼlum qildi.

 

Vazirning Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlumotlariga tayanib maʼlum qilishicha, maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtlariga kirish oʻrtacha ball koʻrsatkichi besh yilda 69,8 balldan 78 ballga oshgan (2020-yilda 69,8 ball, 2021-yilda 74,9 ball,2022-yilda 75,8 ball, 2023-yilda 76,1 ball, 2024 yilda 78 ball).

 

 

Ahamiyatli jihati, 2024-yilgi abituriyentlarga tegishli oʻrtacha ball 70,8 ni tashkil etgani holda, joriy yil maktab bitiruvchilarining oʻrtacha bali umumiy koʻrsatkichdan 7,2 ball yuqori.

 

Maksimal ballning 75 foizidan yuqorisini (141,75 + ball) egallagan 41 009 nafar abituriyentning 32 949 nafari yoki 80 foizi aynan joriy yildagi maktab bitiruvchilaridir.

 

“Albatta, bizga bundan ham yuqori koʻrsatkichlar kerak. Muhimi, raqamlarda ijobiy siljish bor. Hurmatli ustozlar va ota-onalar, kelgusi yillarda natijalar bundan-da yaxshi boʻlishi uchun farzandlarimiz taʼlimiga eʼtiborni yanada kuchaytirishimiz zarur”, deya yozmoqda Hilola Umarova.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//