Xorijdan keltirilgan yana bir ichimlik muhokamalarga sabab boʻlmoqda

Saqlash
15:14 / 12.07.2024 545 0

Ijtimoiy tarmoqlarda doʻkonlarda qutisida “noodatiy” rasmi bor, kannabis taʼmli energetik ichimlik sotila boshlangani boʻyicha xabarlar tarqalmoqda.

 

Holat boʻyicha Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, mazkur energetik ichimlik 2023 yilning noyabr oyidan buyon Oʻzbekistonga “ALL TRADE AT” MCHJ tomonidan Oʻzbekistonga olib kelinmoqda.

 

Mahsulot nomi “SoStoned” boʻlib, hajmi 330 ml.

 

Bildirilgan munosabatga koʻra, mahsulotga sanitariya-gigiyenik, bakteriologik, parazitologik va radiologik tekshiruvlardan soʻng (olib kelingan partiyasiga) sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berilgan.

 

“'SoStoned' nomli energetik ichimligi qadogʻida ichimlik tarkibidagi – suv, shakar, limon kislotasi, sitrat natriy, taurin, kofein, kanaplya taʼmini beruvchi aromatizatorlar, rang beruvchi karamel, vitamin V2, V6, V12 va pantoten kislotasi borligi koʻrsatib oʻtilgan”, deyiladi munosabatda.

 

Laboratoriya tekshiruv natijalari xulosasiga asosan, ushbu energetik ichimlik tarkibida xavfsizlik koʻrsatkichi hisoblangan zaharli yoki inson salomatligi uchun zararli moddalar aniqlanmagan.

 

“Respublikamiz hududida oʻrnatilgan tartiblarga rioya etgan holda olib kirilgan mahsulotning har bir partiyasiga laboratoriya tekshiruvlari natijalariga koʻra, sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib beriladi.

 

Bugungi kunga qadar mahsulotning sifatsizligi yoki uni isteʼmol qilish oqibatida zaharlanganlik toʻgʻrisida murojaat va arizalar kelib tushmagan”, deya yozadi Sanepidemqoʻmita.

 

Oldinroq Oʻzbekistonda sotilayotgan “Anor” taʼmli ichimlik boʻyicha ham rasmiy munosabat bildirilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//