Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekov reklama roligida suratga tushganiga munosabat bildirdi

Saqlash
19:08 / 05.07.2024 1932 0

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.Nazarbekov kiyimlar doʻkonini reklama qilganligi haqida xabarlar tarqaldi.

 

Vazirlik mazkur holat boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Ozodbek Nazarbekov “The Voicye of Uzbekistan” loyihasi hakamlar hayʼati aʼzosi sifatida “KINGSMAN UZBEKISTAN” kiyimlar doʻkoniga tashrif buyurib, loyihaning navbatdagi sonini tasvirga olish jarayonida qatnashish uchun loyiha imijmeykerlari bilan birgalikda libos tanlagan.

 

Ana shu jarayonda u “milliy brend rivoji uchun oʻzining shaxsiy fikrlarini bildirib, tavsiya berib oʻtgan”.

 

“Bu orqali mamlakatimizda yaratib berilgan qulay biznes muhiti tufayli faoliyatini samarali yoʻlga qoʻygan, xorijnikidan aslo qolishmaydigan sifatli mahsulotlar tayyorlashga intilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan”, deyiladi vazirlik munosabatida.

 

Taʼkidlanishicha, “bundan O.Nazarbekovning hech qanday moddiy manfaatdorligi yoki reklama orqali naf olish maqsadi koʻzlanmagan”.

 

"O.Nazarbekov Madaniyat vaziri, qolaversa, Oʻzbekiston xalq artisti va davlat xizmatchisi sifatida Oʻzbekiston Respublikasining barcha qonunlarini hurmat qiladi va ularga qatʼiy rioya etadi”, deyiladi munosabat yakunida.

 

Oldinroq madaniyat vazirining reklama roligida koʻrinish bergani muhokamalarga sabab boʻlayotgani xabar qilingan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//