O‘zbekiston bo‘ylab “Mustaqillik to‘yi” festivali o‘tkaziladi

Saqlash
09:12 / 23.04.2026 32 0

Oʻzbekiston boʻylab “Yagona vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik toʻyi” festivaliga start berildi.

 

22-aprel kuni Toshkentdagi “Renessans” kino uyida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan “Mustaqillik toʻyi” festivalini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bagʻishlangan Respublika tashkiliy qoʻmitasining taqdimot marosimi oʻtkazildi.

 

Respublika Maʻnaviyat va maʻrifat markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, “Maʻrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi. Unda vazirlik va idoralar masʻullari, olimlar, ziyolilar, shoir va yozuvchilar, sanʻat va madaniyat namoyandalari, ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

 

Davlat rahbarining 2026-yil 2-apreldagi qaroriga muvofiq, joriy yilda mazkur sanaga tayyorgarlik mamlakatimiz boʻylab keng koʻlamda amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning may-sentabr oylari davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida “Mustaqillik toʻyi” festivali oʻtkazilishi belgilangan.

 

Yigʻilishni Respublika Maʻnaviyat va maʻrifat markazi rahbari Otabek Hasanov ochib berdi. U oʻz soʻzida “Mustaqillik toʻyi” festivalining gʻoyaviy mazmun-mohiyati, uning jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyatiga alohida toʻxtalib, ushbu yirik maʻrifiy loyihani hududlarda yuksak saviyada tashkil etish barcha uchun ustuvor vazifa, yuksak iftixor ekanini taʻkidladi.

 

Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matjonov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, “Maʻrifat” targʻibotchilar jamiyati aʻzosi, taniqli shoira Sayyora Toʻychiyeva soʻzga chiqdi.

 

Festival doirasida respublika boʻylab qator ijtimoiy-madaniy va maʻrifiy loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Mustaqillik marshlari”, “Bir millat – bir yurak” fleshmobi, “Vatandoshlar bilan muloqot”, “Davlat ramzlari – faxrimiz” aksiyasi kabi tadbirlar oʻtkaziladi. Shuningdek, “Mahallada bayram”, “Shukronalik uchrashuvlari”, “Yaxshilik karvoni”, “Xalq sayillari va Yangi nafas” dasturlari, “Soʻz” adabiy loyihasi va “Kitob karvoni” tashabbuslari ham keng qamrovda tashkil etiladi. Yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish maqsadida “Mustaqillik soatlari” hamda “Qalqon” harbiy-vatanparvarlik tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//