Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan Mintaqaviy ekologik sammitida nutq so‘zladi.
O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlashicha, bugungi uchrashuv o‘tgan yili Samarqand iqlim forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomidir. Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik diplomatiyasi tizimli va izchil tus olib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Aytilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi, Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya hamda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy dastur bunday sheriklikka misol bo‘la oladi.
Forumda “Markaziy Osiyo ekologik birdamligi” deklaratsiyasi, shuningdek, BMT tuzilmalari bilan yaqin sheriklikda amalga oshiriladigan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Harakatlar dasturining qabul qilinishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ekologik barqarorlikni shakllantirish bo‘yicha aniq maqsadli va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi “yashil belbog‘”lar yaratilmoqda, BMT Bosh Assambleyasining “O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
“Suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida biz yiliga 10 milliard kub metr suvni iqtisod qilmoqdamiz. Generatsiya quvvatlarimizda “yashil” energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, joriy o‘n yillikning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi. Biz Parij bitimi bo‘yicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyatini muddatidan oldin bajardik va oldimizga yangi maqsad – ularni 2035-yilgacha ikki barobar qisqartirish vazifasini qo‘ydik”, dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev nutqi davomida bir qator takliflarni aytib o‘tdi. Jumladan:
– “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish;
– O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish;
– “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”ni shakllantirish;
– Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish;
– Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish;
– Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqish;
– 2027-yil O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish;
– 31-may – 5-iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentabr oyi oxirida esa Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish.
“Ishonchim komil, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik an’analariga tayangan va qat’iy siyosiy irodamizni namoyon etgan holda, biz Markaziy Osiyoni ekologik farovonlik va barqaror rivojlanish makoniga aylantiramiz”, dedi Prezident nutqi so‘nggida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112173
Jamiyat
94858
Jamiyat
90930
Jamiyat
75714
Jamiyat
//
Izoh yo‘q