“Oltin qalam” XX Milliy mukofoti uchun qabul boshlandi

Saqlash
18:08 / 22.04.2026 49 0

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi “Oltin qalam” XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov e’lon qildi.

 

Qayd etilishicha, tanlovda har bir ishtirokchining 2025-yil 22-apreldan 2026-yil 22-aprelgacha bosma va internet nashrlarida e’lon qilingan, radio va televideniyeda efirga uzatilgan 5 tadan 7 tagacha materiallari ko‘rib chiqiladi.

 

Agar ijodiy jamoa – gazeta tahririyati tanlovda qatnashadigan bo‘lsa, gazetaning 5 tadan 7 tagacha soni, tele yoki radiokanal jamoasi tanlovda ishtirok etadigan bo‘lsa, 5 tadan 7 tagacha eng yaxshi ko‘rsatuv yoki eng yaxshi eshittirishning elektron varianti (yoxud havolasi) ilova qilinadi.

 

Tanlovga ijodiy ishlar Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy bo‘limlari, Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida mamlakatning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari orqali, shuningdek, mualliflardan to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron shaklda tanlov matbuotda e’lon qilingan kundan boshlab 2026-yil 22-mayga qadar qabul qilinadi.

 

Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ham ilova qilinadi:

 

– muallif va uning professional faoliyati to‘g‘risidagi qisqacha ma’lumot (obyektivka);

– muallifning pasport yoki ID-karta nusxasi, telefon raqami.

– Jamoaviy ishtirok etuvchi OAVning ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi va tashkilot rahbarining pasport yoki ID-karta nusxasi.

 

Televideniye yo‘nalishi bo‘yicha, radio yo‘nalishi bo‘yicha, bosma nashrlar yo‘nalishi bo‘yicha, internet nashrlari yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi jurnalistik materiallar uchtadan o‘rin bo‘yicha taqdirlanadi.

 

Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun – 1 ta birinchi o‘rin, 4 ta ikkinchi o‘rin (TV, radio, bosma va internet nashrlari yo‘nalishlari bo‘yicha). Shuningdek, 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiya joriy etiladi. Tanlovning rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari bo‘yicha qo‘shimcha e’lon beriladi.

 

Jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan "Oltin qalam" milliy mukofoti sovrindorlari 2023-yildan quyidagicha taqdirlanishi belgilangan:

 

– bosh milliy mukofot uchun – avtomobil;

– 1-o‘rin uchun – BHMning 200 baravari (82 mln 400 ming so‘m) miqdorida;

– 2-o‘rin uchun – BHMning 175 baravari (72 mln 100 ming so‘m) miqdorida;

– 3-o‘rin uchun – BHMning 150 baravari (61 mln 800 ming so‘m) miqdorida;

– 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – BHMning 100 baravari (41 mln 200 ming so‘m) miqdorida pul shuningdek, diplom, “Oltin qalam” statuetkasi beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//