Fatvo markazi kriptovalyuta boʻyicha berilgan xabar ehtiyotsizlik oqibati ekanligini maʼlum qildi

Saqlash
03:56 / 04.06.2024 1184 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi kriptovalyuta boʻyicha berilgan xabar “ehtiyotsizlik oqibati” ekanligini bildirdi.

 

“2024-yil 3-iyun kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi tomonidan “KRIPTOVALYUTALAR SAVDOSI JOIZMI?” degan mavzuda savol-javob loyihasi texnik sabablarga koʻra, ehtiyotsizlik oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinganini maʼlum qilamiz”, deyiladi markaz uzrnomasida.

 

Xabarda Fatvo markazi direktori Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va u kishining oʻrinbosarlari muborak haj safarida ekani, mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagani va shuningdek, zamonaviy masalalarda keng qamrovli oʻrganish ishlari olib borilayotgani taʼkidlangan.

 

“Siz azizlardan uzr soʻragan holda ushbu fatvo ustidagi ilmiy tadqiqotlarni nihoyasiga yetkazib, qayta eʼtiboringizga havola qilinishini maʼlum qilamiz. Alloh taolo barchamizga rushdu hidoyat bersin”, deb yakunlanadi “tuzatish” xabari.

Oldinroq Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kriptovalyutalar boʻyicha rasmiy munosabati bildirgani haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//