Jamiyat
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati Bitkoin, Notcoin va boshqa shu kabi kriptavalyutalarda savdo-sotiq qilishga Islom dini qanday munosabat bildirishi yuzasidan maʼlumot berdi.
Maʼlum boʻlishicha, dinimiz qoidalariga koʻra tilla va kumush asl puldir. Qolgan koʻrinishdagi pullar ularning oʻrinbosarlaridir. Ular turli koʻrinishda, jumladan, elektron boʻlishi ham mumkin. Lekin ular pul deb hisoblanishi uchun bir qancha shartlarga javob berishi kerak. “Raqamli pullar” yoki “virtual pullar” deyilayotgan, naqd koʻrinishda mavjud boʻlmagan kriptovalyutalar pulning quyidagi talablariga javob bera olmaydi va baʼzi xatarlarga ega.
Jumladan, Fatvo hayʼati buning bir qator jihatlarini sanab oʻtadi:
◻️ Kriptovalyutalarda pul boʻlish talablari topilmaydi;
◻️ Pul chiqarish davlatning haqqidir;
◻️ Pulni hamma qabul qilgan, uni ishlatishga hammaning imkoniyati boʻlishi kerak;
◻️ Ularning natijasi nomaʼlumligi;
◻️ Qiymatining keskin tushib-koʻtarilib turishi;
◻️ Kriptovalyutalar savdosida firibgarlik ehtimoli kattaligi.
“Shariatga koʻra, oʻzaro ayirboshlanayotgan narsalar mol yoki pul boʻlishlari shart boʻlib, kriptovalyutalarda mol yoki pulda topilishi lozim boʻlgan yuqoridagi shartlar mavjud emas. Shuning uchun ularni sotish yoki sotib olish joiz emasdir”, deyiladi hayʼat maʼlumotida.
Aynan joiz emasligini asoslash uchun rasmiy idora bir qator dunyo Fatvo hayʼatlari bergan xulosalarni keltirib oʻtgan. Xususan, Butunjahon musulmon ulamolari kengashining ijtihod va fatvo qoʻmitasining fatvosiga koʻra, “Bitcoin va boshqa “norasmiy” raqamli valyutalar bilan ularning hozirgi holatida muomala qilish, ularni ayirboshlash, ishlab chiqarilishi joiz emas”.
Misr fatvo uyini esa “Bitcoinda shariat tomonidan pulga qoʻyilgan shartlar va meʼyorlar toʻliq topilmagani, shu bilan birga, bu elektron pul bilan muomala qilishda jiddiy zararlar va keng koʻlamli xatarlar kelib chiqishi, chunki u eng ogʻir shakllaridagi aldamchilik va zararni oʻz ichiga olgan”ini taʼkidlagan.
Liviya fatvo uyining fatvosida ham shunday xulosa qilingan:
“Ayni paytda ushbu raqamli valyutalar bilan ishlash odamlar orasida keng tarqalgan emas va ularning narxini odamlar uchun kafolatlaydigan hech qanday rasmiy doira yoʻq. Aksincha, ularning narxi ulardagi chayqovchilikka bogʻliq. Shuning uchun ushbu elektron pullar haqiqiy valyuta boʻla olmaydi. Zero, ularda sudxoʻrlikning oldini olish uchun na narx omili joriy boʻla oladi va na zakotni qoʻllash uchun amal qiladi. Oldi-sotdida ular bilan muomala qilishning hukmiga kelsak, oldi-sotdi shartnomasining sharʼan durust boʻlish sharti shuki, unda noaniqlik boʻlmasligi lozim. Ushbu elektron pullarda narxning katta tebranishlari bu pul birligi bilan ishlashni qimor oʻyinlariga oʻxshatib qoʻyadi. Bundan tashqari, banknotlarda boʻlgani kabi oʻz egalariga uning qiymatini kafolatlaydigan rasmiy organ ham yoʻq. Shunga bu valyutalar hozirgi koʻrinishida boʻlsa, ular bilan muomala qilish joiz emas”.
Yaqin qardoshimiz boʻlgan Turkiyada ham Bitcoin sharʼan taqiqlanadi. Turkiya din ishlari boshqarmasi “oʻz mohiyatida jiddiy mavhumliklarni oʻz ichiga oluvchi, aldanish va aldash xavfi yuqori boʻlgan, shuning uchun hech qanday kafolatga ega boʻlmagan, moliyaviy piramida sifatida maʼlum boʻlgan va ayrim guruhlarning adolatsiz va asossiz boyib ketishiga olib keladigan kriptovalyutalardan foydalanish joiz emas”ligini maʼlum qilgan.
“Xulosa qilib aytganda kriptavalyutalar savdosi bilan shugʻullanish, ularni pul sifatida oʻzaro ayriboshlash yoki ular bilan tovarlarni ayriboshlash sharʼan joizmas.
Shuni ham taʼkidlash joizki, hozirda faqat elektron koʻrinishda mavjud boʻlgan ramziy “pul”lar vaqt oʻtishi bilan shariatimiz manbalariga muvofiq tovar va pulga qoʻyilgan shartlarga toʻliq javob bera olsa, shundagina ulardan foydalanishning hukmi ham oʻzgarishi mumkin. Demak, kriptovalyutalarning hukmi halol boʻlmaguncha moʻmin musulmonlar bu pullar bilan savdo qilmay turishlari lozimdir”, deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati fatvosida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q