1-iyundan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
19:11 / 31.05.2024 1946 0

1-iyunga bir kun qoldi. Qonunchilikda kuchga kirishi kutilayotgan ayrim bandlar esa aynan mana shu kundan boshlanadi. Xoʻsh, mazkur sanadan qonunchilikda nimalar kutilmoqda?

 

Foydalanilgan gaz va elektr haqidagi maʼlumotlar oyma-oy yuborib turiladi

Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gaz boʻyicha oylik maʼlumot endi “bazaviy meʼyor” va undan ortiq hajmlar kesimida isteʼmolchilarga yuboriladi.

 

Mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga yoʻl chiptasi uchun kompensatsiya beriladi

Prezident Farmoniga muvofiq, 1-iyundan eʼtiboran “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga bir qator kompensatsiyalar toʻlanadi.

 

Jumladan:

▪️ xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda;

 

▪️ xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda;

 

▪️ yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.

 

Davlat bogʻchalarida bolalar taʼminot toʻlovi oshiriladi

Hukumat qarori bilan 2024 -yil 1-iyundan boshlab davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlari koʻtariladi.

 

Bunda davlat bogʻchasi uchun oylik toʻlovlar 1-iyundan oʻrtacha 18,7−21 foizga oshadi.

 

Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni ishga olgan tadbirkorlarga subsidiya toʻlanadi

Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir ishga olingan bunday xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming soʻmdan subsidiya toʻlanadi. Subsidiya mablagʻlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi.

 

Bunda subsidiya 2024-yil 1-iyundan 2026-yil 1-yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan toʻlanadi.

 

Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya toʻlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

 

Maʼlumot uchun, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda uch va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shugʻullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan koʻp vaqt boʻlmagan shaxslar tushuniladi.

 

Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditlari ajratiladi

Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi. Bunda talabgor shaxslarni “mahalla yettiligi” tavsiyasi qiladi.

 

Bunda:

▪️ ipoteka kreditlari 120 million soʻmgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun ajratiladi;

 

▪️ ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya toʻlanadi.

 

Avtomobillarga ekologik stikerlar beriladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 1-iyundan boshlab barcha toifalardagi avtomototransport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish boʻyicha “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

 

Shuningdek, diagnostik tekshiruv natijalariga asosan transport vositalariga qalbakilashtirishdan himoyalangan va elektron belgiga ega stikerlar beriladi. Yaʼni, transport vositalari “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga boʻlinadi.

 

Diagnostik tekshiruvlar va stikerlar berish bepul amalga oshiriladi.

 

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish takomillashtiriladi

2024-yil 1-iyundan boshlab tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar koʻrsatish tartibi joriy etiladi.

 

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida roʻyxatga olinadi.

 

1-iyundan tizim Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ishga tushiriladi.

 

Chiqindi pulini toʻlamaganlarning elektr uchun toʻlovlari vaqtincha qabul qilinmaydi

Aprel oyidan kuchga boʻlgan tartib – chiqindi xizmatlari uchun oylik toʻlovlardan qarzdorligi boʻlgan abonentlar SMS orqali xabardor qilinganda ham fuqaro toʻlov qilmasa, uning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilish vaqtincha toʻxtatiladi. Mazkur amaliyotning birinchi bosqichi 1-iyundan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida joriy etiladi. Bunda shaxs chiqindidan 6 oylik qarzdor boʻlsa, uning elektr uchun qilgan toʻlovi qabul qilinmaydi.

 

Oliy maʼlumotli bogʻcha tarbiyachilarining oyligi koʻtariladi

1-iyundan boshlab davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtiriladi.

 

Maʼlumot uchun, amaldagi qonunchilikda maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻqituvchisi, tarbiyachi-metodist hamda tarbiyachi (bunda oliy maʼlumotli tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari nazarda tutilmayapti) 1 mln 203 ming 660 soʻm maosh olishi belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//