Toʻldirilgan hisob evaziga 1-maydan keyin ham 2 oy davomida eski taʼrif amal qiladi

Saqlash
16:12 / 22.04.2024 1336 1

Maʼlumki, 1-maydan elektr energiyasi va gaz uchun belgilangan tariflar narxi oʻzgaradi. Bunda isteʼmolchining sarfiga qarab summa hajmi ham ortib borishidan xabaringiz bor.

 

Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 1-maygacha hisob raqam toʻldirilib qoʻyilsa, ikki oy davomida eski tarif amal qiladi, deb xabar berdi Spot. Xabarga koʻra, bu haqida Energetika vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilgan.

 

“Bu esa faqat ijtimoiy norma doirasidagi isteʼmol hajmiga, jumladan, 100 kubometr gaz va 200 kVt/soat elektr energiyasi uchun amal qiladi. Agar mazkur hajmlar oshib ketsa, ikki baravar tarif qoʻllaniladi”, deyiladi xabarda.

 

Yaʼni, tepadagi jumlaga koʻra, bu faqatgina aholi uchun amal qiladi.

 

Mazkur xabar 2018-yil yanvar oyida qabul qilingan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 8-bob, 1-boʻlim, 116-banddagi jumlalarga asoslanadi.

 

“Maishiy isteʼmolchi oʻz xohishiga koʻra, 2 oydan koʻp boʻlmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan toʻlab qoʻyishi mumkin va bunda tarif oʻzgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi”, deyiladi oʻsha qismda.

 

Shu oʻrinda aytish lozim, narx oshiriladigan kungacha boʻlgan qarzdorlik eski narxda toʻlanadi. Yaʼni, agar qarzdorlik narx oshirilgan davrdan ham oʻtib ketsa va toʻlanmasa, qarzdorlikning narx oshirilgan kunigacha boʻlgan qismi eski narx bilan qoplanadi.

 

Yuqoridagi masalaga kelsak, “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”da ham tariflar oʻzgargan hollarda tabiiy gaz hajmi uchun avans tarzida toʻlovni amalga oshirgan isteʼmolchi ikki oydan ortiq boʻlmagan muddatga qoʻshimcha toʻlovlarni amalga oshirishdan ozod etiladi.

 

Yaʼni, agar isteʼmolchi 30-aprelgacha eski narxdagi 2 oylik pulni oldindan toʻlab qoʻysa, kelayotgan ikki oyda ana shu eski tarif amal qiladi, garchi narx koʻtarilsa ham.

 

Shu hisobda, agar oldindan toʻlov qilgan isteʼmolchi may oyida 250 kVt/soat elektr energiyasi ishlatsa, 200 kVt/soat uchun 59 ming soʻm (295 soʻmdan), qolgan 50 kVt/soat uchun esa 29 ming 500 soʻm (590 soʻm), jami 88 ming 500 soʻm toʻlaydi.

 

Bu tartib tabiiy gaz uchun ham xuddi shunday amal qiladi.

 

Ammo, bu yuqoridagi holatlar hisoblagich qoʻyilmagan xonadonlarga tatbiq qilinmasligi mumkin.

 

Eslatib oʻtish lozim, 1-maydan oʻtib ketgan toʻlovlar yuqorida aytilgan “imtiyoz” uchun inobatga olinmaydi.

1 Izoh

Ali

16:04 / 22.04.2024

Bilmadim umuman yashab bo'lmay qoldi adolat,haqiqat yug' aholiga xizmat ko'rsatish 0 ga teng bunaqa to'lov yig'im soliq bo'lsa o'zlari bilishadi qanday undirishni

Izoh qoldirish

//