Ozarboyjon fuqarosi Krokusʼda 100 nafardan koʻp odamning hayotini saqlab qolgan

Saqlash
17:03 / 25.03.2024 1340 0

Rossiyada yashab yurgan Komil Nasibov ism-sharfli shaxs “Krokus” konsert zalida roʻy bergan terakt vaqtida yuzdan ortiq odamning hayotini saqlab qoldi, deb xabar berdi “SHOT” Telegram-kanali.

 

 

Qizigʻi, bugun, soat 10:48 da joylangan postda Nasibov Oʻzbekiston fuqarosi deb aytilgan. Ammo keyinchalik tahrirlangan xabarda uning oʻzbekistonlik emas, ozarboyjonlik ekanligi maʼlum qilingan.

 

 

Maʼlum boʻlishicha, Komil Nasibov fojia roʻy bergan kuni doʻsti bilan qoʻshimcha ish sifatida “Krokus”da ofisiantlik qilgan. Ular 19:55da ish smenasi topshirib, koʻchaga chiqqanlarida portlash ovozini eshitgan. Ikkalasi ham hamma qatori qoʻrqib ketishgan va eng yaqin binoga qarab yugurgan. Ammo shu bilan uyiga ketmasdan, yana “Krodus Sity Holl”ga qaytishga qaror qilgan.

 

Voqea joyiga yetib kelgan Komil oʻqdan yaralangan bir necha kishini yoʻli chetiga sudrab chiqqan. Oqsoqlanayotgan bir ayol uchun mashina toʻxtatib, unga yaradorni oʻtqizgan. Konsertga kechikib kelayotganlarni esa orqaga qaytarib yuborishgan. Shuningdek, ozarbayjonlik yigit binoga eshikni buzib kirib, odamlarga qayerga qochish kerakligini koʻrsatgan.

 

“Hamma narsa tutun ichida edi. Pastki qavatdagi koridorlardan birida taxminan 80 ga yaqin odamni koʻrdim va ularni tashqariga chiqishiga yordam berdim. Qolganlarni ham qidirib yurganimda, polda chirogʻi yonib qolgan smartfonga koʻzim tushdi va yoʻlni yoritish uchun uni qoʻlimga oldim. Keyin telefon jiringladi. Unda Kamilla ismi yozilgan edi. Koʻtarganimda bir qiz trubkaga baland ovoz bilan qichqirdi va uni qutqarishlarini soʻradi. U qoʻrqib ketgandi. Atrofdagi hamma narsa yonayotganini, oʻzi ikkinchi qavatning qayeridadir qolib ketganini aytdi”, deya hikoya qilgan Komil keyinchalik.

 

Qiz telefon qilgan vaqtda Komil qutqaruvchilar oldida boʻlgan. U qizning aytganlarini qutqaruvchi xodimlarga yetkazgan. Shundan keyin ular yigitning oʻzini ham tutundan boʻgʻilgan holatida binodan olib chiqqan. Qizni ham topishgan. Keyinroq Komil qutqaruvchilar orqali qizga telefonni qaytarib bergan.

 

Oldinroq teraktda 15 yoshli qirgʻiz bolaning 100 ga yaqin odamni qutqarib qolgani haqida xabar bergan edik.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish