“Yuzlab odamlarning qurbon boʻlishiga yoʻl qoʻygandan koʻra oʻzingni qurbon qilganing yaxshiroq”

Saqlash
09:39 / 25.03.2024 2071 0

15 yoshli maktab oʻquvchisi Islom Xalilov asli qirgʻiz boʻlib, otasi Baxtiyor Jalolobod viloyati Suzoq tumanidan, onasi Oypari esa Oʻsh oblasti Oʻzgan tumanidan. Islomning oʻzi esa Rossiyada tugʻilgan. U oilada 3 nafar farzandning toʻngʻichi hisoblanadi.

 

Mudhish voqeaning sodir boʻlishi Islomning navbatchiligiga toʻgʻri kelib qolgan. U oʻsha kuni soat 16:00 da navbatchilikni olgan. Islom bir yildan beri “Krokus Siti Holl”da garderobchi boʻlib ishlab kelayotgan edi.

 

Oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashadigan yosh xodim favqulodda holatlarda qanday harakatlanish boʻyicha koʻrsatmaga ega boʻlgan. Garchi sarosimada boʻlsa-da, u hodisa vaqtida oʻzini dadil tutgan va ham xodim, ham inson sifatida odamlarga yordam bergan. 15 yoshli oʻsmir odamlarning xavfsizligini taʼminlash uchun ularni qayerga olib borish kerakligini bilgan va buni aniq bajargan.

 

Uning soʻzlariga koʻra, bu oddiy ish kuni edi. Birinchi qavatda gʻalati tovushlar eshitilgan, ammo hech kim shubhaga bormagan. Hamma eskalator buzilgan boʻlsa kerak, deb oʻylagan. Keyin odamlar zinadan tepaga qarab yugurib chiqa boshlagan. Shundagina u vaziyat yomonligini tushungan.

 

“Odamlar yugurgancha qichqira boshladi. Shunda tushundimki, agar shunchaki karaxt holatda tursam, nafaqat oʻz hayotimni, balki yuzlab odamlarni ham yoʻqotaman. Avvaliga biroz qoʻrqdim. Olomon orasida boʻlganimda, eshikni ochayotganimda ular, yaʼni terrorchilar granata otishlari yoki otishma boshlashi mumkin, deb oʻylardim. Xudoga shukur, oʻylaganimdek boʻlmadi. Eshikni ochishga muvaffaq boʻldim va hammamiz “Ekspo” tomonga oʻtishga ulgurdik”, deydi oʻsmir.

 

Islomning onasi oʻgʻlining sogʻ-salomatligidan xursandligini aytar ekan, farzandining bunday qahramonligidan faxrlanishini taʼkidlagan.

 

“U shok holatida edi. Men oʻzimni qoʻlga olib, uni ovutishga, qoʻllab-quvvatlashga qaror qildim. Albatta, biz u bilan juda faxrlanamiz”, degan ona.

 

“Onam boshimga bunday ishlar tushishganidan karaxt boʻlib qoldi va yigʻladi. Koʻz oʻngimda roʻy bergan barchasidan oʻzim ham, toʻgʻrisini aytsam, shokdaman. Koʻz oʻngimda bir kishini otishdi, bu narsa xayolimdan chiqmayapti”, degan yigit hikoyasi davomida.

 

Islomning bu xatti-harakatlari rostdan ham qahramonlik desa boʻladi. Chunki u ortidan kelayotganlarning jonini har daqiqada oʻylagan. Oʻsmir odamlarni “Krokus Siti Holl”ga yondosh joylashgan “Krokus Ekspo”ning kirish joyiga olib borganda ham qoʻshni hududga oʻzi eng oxiri boʻlib oʻtgan. Bunga u “boshqa hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun” deya izoh bergan.

 

Shuningdek, u oʻzini qahramon deb hisoblamasligini aytgan:

 

“Bu ishimning bir qismi edi. Yuzlab odamlarning qurbon boʻlishiga yoʻl qoʻygandan koʻra oʻzingni qurbon qilganing yaxshiroq”, degan u.

 

Maʼlumot uchun, Islomning bu jasorati hozir butun dunyoda olqishlanmoqda. Shuningdek, koʻplab mashhurlar uning bu ishini taqdirlashni oʻzlarining burchi deb bilmoqda. Masalan, reper Alisher Morgenshtern oʻsmirga million rubl yuborgan.

 

Islom bundan juda xursandligini aytar ekan, yigʻlagisi kelayotganini bildirgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, oʻsmirning oilasi bu pullarni kreditlarni toʻlash uchun ishlatadi.

 

Shu bilan birga, Moskvaning “Spartak” klubi ham unga klubning uy uchrashuvlari uchun abonement sovgʻa qilgan.

 

Rossiya bosh muftiysi Ravil Gaynutdin esa Islom Rossiya musulmonlarining “Xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganini maʼlum qilgan.

 

15 yoshli qahramon yigitga mazkur mukofot keyingi hafta, juma namozi vaqtida Moskvadagi Sobor masjidida topshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//