15 yoshli qizga shilqimlik qilgan taksi haydovchisi 5 sutkaga qamaldi

Saqlash
17:24 / 14.03.2024 1561 0

Toshkent shahrida voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qilgan 22 yoshli taksi haydovchisi 5 sutkaga qamaldi, deb xabar berdi Gazeta.uz.

 

Maʼlum boʻlishicha, voqea joriy yilning 9-martida boʻlib oʻtgan. Oʻsha kuni jabrlanuvchining onasi voyaga yetmagan qiziga uyga borishi uchun Yandex Go xizmatidan foydalanib, taksi chaqirgan. Yoʻl davomida haydovchi M.Gʻ. qizga turli mazmundagi savollar bergan va suhbati davomida uning ismini, taksini kim chaqirib berganini soʻragan.

 

Qiz haydovchiga yoshi 15 da ekanini aytsa-da, yigit tegajogʻlik qilishni toʻxtatmagan. U qizning qanday chiroyli ekani haqida shahvoniy xususiyatga ega soʻzlarni aytgan.

 

12-mart kuni boʻlib oʻtgan Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida shahvoniy shilqimlik qilgan huquqbuzar oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlgan. U bu kabi holat boshqa takrorlanmasligi, oʻziga tegishli xulosa chiqargani, unga nisbatan yengillik berishlarini soʻragan.

 

Sud M.Gʻ.ni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topgan va 5 (besh) sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlagan.

 

Shuningdek, qamoqda saqlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar huquqbuzar M.Gʻ.dan maʼmuriy qamoqning har bir sutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida undirilishi belgilangan.

 

Eslatib oʻtamiz, oldinroq voyaga yetmagan qizga shahvoniy SMSlar yozgan 55 yoshli erkak 5 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//