Voyaga yetmagan qizga shahvoniy SMSlar yozgan erkak 5 sutkaga qamaldi

Saqlash
22:39 / 04.03.2024 1128 0

Oʻrganishlardan maʼlum boʻldiki, holat 2024-yil 5-fevral kuni Yuqori Chirchiq tumanidagi Yangibozor qoʻrgʻonidan boshlangan. 12 yoshli qiz maktabdan chiqib ketayotib, manziliga yetib olish uchun mashina toʻxtatgan. Shu vaqtda 1965-yilda tugʻilgan A.N. oʻzining boshqaruvidagi mashinasini toʻxtatib, qizni uyiga olib borib qoʻyishini aytgan. Yoʻlda ketish jarayonida qizning telefon raqamini olgan A.N. fevral oyining turli kunlarida qizga shaʼni va qadr qimmatini kamsituvchi soʻzlardan iborat SMS xabarlar yozib, shahvoniy shilqimlik qilib kelgan.

 

Qizning otasi bundan xabar topib, ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilgan. Holat oʻrganilgan va A.N. ga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Sud jarayonida ayblanuvchi ham ushbu harakatlarni sodir etganini tan olgan. Yomon niyati boʻlmaganini aytar ekan qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, yengillik berishlarini soʻragan.

 

1-mart kuni Toshkent viloyati jinoyat ishlari boʻyicha Yuqori Chirchiq tuman sudida oʻqilgan hukmga koʻra, sudlanuvchi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (Shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

 

Jazo oʻtalganidan soʻng esa A.N.dan Toshkent viloyat IIBB Maʼmuriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qabulxonasi foydasiga saqlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar uchun maʼmuriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, yaʼni 51 ming soʻmdan 5 kun, jami 255 ming soʻm saqlash bilan bogʻliq xarajatlar undirilishi belgilandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//