Qamoqdagi sobiq hokimning bevaqt oʻlimi sababi ochiqlandi

Saqlash
22:27 / 05.03.2024 2741 0

Maʼlumki, Andijon shahrining sobiq hokimi Bahromjon Haydarovning jazoni ijro etish muassasasida vafot etishi koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

 

Bu boʻyicha Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrganish oʻtkazdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, marhum B. Haydarov respublikada yagona hisoblanuvchi mahkumlarni davolashga moʻljallangan Toshkent shahrida joylashgan 23-son Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada jazo muddatini oʻtayotgan, yaʼni davolanayotgan boʻlgan.

 

Kasalxona tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, marhum B.Haydarov “Yurak ishemik kasalligi zoʻriqish stenokardiyasi FS-III, IKKS (2022 yil mart), Koronar qon tomirlar stentlash operatsiyasidan keyingi holat (2022 yil aprel), Gipertoniya kasalligi III bosqich, Arterial gipertenziya-III. Xavf-IV (Oʻta yuqori)” tashxisi bilan 2024-yil 5-mart kuni, soat 00:15 larda kasalxonaning terapiya boʻlimida jon bergan.

 

Holat haqida kasalxona rahbariyati tomonidan maxsus prokurorga va Jazoni ijro etish departamentiga maʼlumot hamda marhumning yaqin qarindoshlariga xabar berilgan. Shundan so'ng maxsus prokuratura tomonidan sud-tibbiy ekspertlar jalb qilingan holda tekshiruv oʻtkazilgan.

 

Shu kuni soat 8:30 larda marhumning jasadi oʻgʻli va qudasi tomonidan olib ketilgan.

 

Hozirda holat yuzasidan prokuratura idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Sal oldinroq sobiq hokimning vafoti haqida xabar bergan edik.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//