Andijon shahrining sobiq hokimi qamoqxonada vafot etdi

Saqlash
15:35 / 05.03.2024 1262 0

Qamoqxonada vafot etgan Bahromjon Haydarovning oʻlimiga nima sabab boʻlgani hozircha ochiqlanmadi.

 

2019-yilning oktyabr oyidan Andijon shahar hokimi etib tayinlangan Haydarov 2022-yilning iyun oyida jinoyat ishida ayblanib, protsessual tartibda ushlangan.

 

Shuningdek, u 2022-yilning 28-may kunida deputat daxlsizligi huquqidan ham mahrum qilingan edi. Bunga esa hokim sifatida noqonuniy yer ajratish bilan bogʻliq qonunbuzarliklarga aralashib, davlat manfaatlariga 1,7 milliard soʻmdan ortiq zarar keltirgani sabab boʻlgan.

 

2022-yilning may oyi oxirida esa Haydarov oldingi lavozimida sheriklari bilan byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgani oshkor boʻldi.

 

Xabarda keltirilishicha, marhum viloyat moliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan vaqtda sheriklari bilan 48 mlrd soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgan. Tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilingan va ularning 32 nafari qamoqqa olingan.

 

2022-yil 26-dekabr kuni Fargʻona viloyat sudi binosida Andijon shahar sobiq hokimi Bahromjon Haydarov va uning 45 nafar sheriklariga oid jinoyat ishi koʻrib chiqilgan va unda sobiq hokimga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

 

Maʼlumot uchun, Bahromjon Haydarov 1972-yilda Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyatida tugʻilgan. 1995-yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini, 1998-yil Oʻzbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

 

1994-yilda Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasida ish boshlagan Bahromjon Haydarov 2017-2019-yillarda boshqarma boshligʻi sifatida faoliyat koʻrsatgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//