Direktor shaxsan sochini oldirishga kim namuna boʻladi, deya soʻragan-da oʻgʻlim men deb, oʻzining roziligi bildirgan — oʻquvchining otasi

Saqlash
14:50 / 27.02.2024 1038 0

Xabaringiz bor, bir necha kun avval Navoiydagi 2-umumtaʼlim maktabi direktori “tashabbus”i bilan maktab oʻquvchilarining sochi olingan edi. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda anchagina muhokamalarga sabab boʻldi. Hatto rasmiy idora vakillari ham bu holat yuzasidan oʻz munosabatlarini bildirgan edi.

 

Shuningdek, u “namuna sifatida balki kelajakda oʻsha maktabda alohida sartaroshxona yoki salon tarzida biror narsa ochish mumkin”ligni ham aytib oʻtgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, sport zalida sochi olingan oʻquvchining otasi ommaga murojaat bilan chiqqan. Oʻzini Alisher Hasanov deb tanishtirgan ota bu harakati uchun direktorga nisbatan eʼtirozi yoʻqligini maʼlum qilgan. Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, u Navoiy shahar madaniyat boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlaydi.

 

“Navoiy shahridagi 2-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchi Ozodbek Haydarqulovning dadasi boʻlaman. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda maktab direktori tomonidan oʻquvchilarni goʻyoki majburlagandek jismoniy tarbiya zaliga olib kirib, ularning sochlarini kaltalatishgani toʻgʻrisida rasmlar tarqaldi va keng muhokamaga sabab boʻldi. Shu sababli ushbu videoni eʼlon qilishga ahd qildim.

 

Hurmatli vatandoshlar, avvalambor, men farzandimga voqea boʻlganidan 2-3 kun oldin sochingni oldir, deya bir necha bor taʼkidladim. Bu holat boʻyicha maktab direktoriga ham telefon qilib, “Nurqobil aka, bolalarning sochlari oʻsib ketyapti, nahotki sizlar ham shunga gapirmaysizlar?”, deganman. Oʻsha kuni maktab direktori namuna sifatida oʻzi sartarosh chaqirtirib, sport zalda bolalarning sochini kaltalatibdi. Lekin bir tomoni borki, direktor ham, maktabda boshqa mutasaddilari ham bolalarni majburan stulga oʻtirgʻizib, ularning sochini kalga oldirish kabi holat roʻy bergani yoʻq.

 

Direktor menga soat 7:30larda telefon qilib, maktabga kelib keting, deganida nima sababdan borishimni soʻradim. Oʻgʻlingizning sochi oʻsgan ekan, rozi boʻlsangiz kalta qildirardik, maktabga sartarosh olib kelganmiz, deganiga rozilik bildirdim. Qolaversa, oʻgʻlimning aytishi boʻyicha, oʻsha yerda direktor shaxsan sochini oldirishga kim namuna boʻladi, deya soʻrabdi. Oʻgʻlim men, deya oʻzining roziligi bilan oldirgan. Sartarosh ham qanaqa shaklda olay deb soʻrabdi.

 

Bolamning va shaxsan ota sifatida mening roziligim bilan bu holat qilingan. Bizning hech qanaqa eʼtirozimiz yoʻq. Qarasam, haqiqatan sochi juda ajoyib, chiroyli olingan, hech qanaqa kulgili holat yoki boshqa narsa yoʻq. Holat boʻyicha maktab direktoriga ham, mutasaddilariga ham eʼtirozim yoʻq. Bu normal holat deb hisoblayman.

 

Toʻgʻri, koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlarda maktab sartaroshxona emas, deb yozyapti. Namuna sifatida balki kelajakda oʻsha maktabda alohida sartaroshxona yoki salon tarzida biror narsa ochish mumkindir”, degan Alisher Hasanov oʻz murojaatida.

 

Xabarda aytilishicha, bolalarning sochini sal tartibga keltirishini otaning oʻzi shaxsan iltimos qilgan.

 

Navoiy shahar hokimligining rasmiy kanalida keltirilishicha, 1976-yilda tugʻilgan, 1998-yil Toshkent davlat Madaniyat institutini tamomlagan Alisher Hasanov Navoiy shahar madaniyat boʻlimi boshligʻi hisoblanadi. U mazkur lavozimga 2022-yilning 2-iyun kuni tayinlangan.

 

Xabarda taʼkidlanishicha, maktab direktorini oqlashga qaratilgan mazkur “kampaniya” Navoiy shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan uyushtirilmoqda.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//