“Issiq uyimiz, halovat topadigan xonadonimiz bor” – “Mahallada duv-duv gap” tadbirlari poytaxtimiz bo‘ylab davom etdi

Saqlash
23:23 / 26.12.2023 1413 0

Maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat, sanʼat va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan  Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yigʻilishi yuzasidan munosabatlar tingani yo‘q. Avvalroq yig‘ilishga hamohang ravishda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan o‘tkazilgan “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostidagi “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-musiqiy tadbirlar haqida ma’lumot bergan edik.

 

Toshkent shahridagi barcha tumanlarda bo‘lib o‘tgan bu tadbirlar aholi tomonidan iliq kutib olindi. Xususan, Sergeli tumani “Madadkor” mahallasi 300-sonli umumtaʼlim maktabida o‘tkazilgan tadbirda 300 ga yaqin tuman yoshlari, xotin-qizlari va ma’naviyat vakillari ishtirok etdi. Tadbirni tuman hokimi Elbek Shukurov ochib berdi. Hokim o‘z nutqida Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishning mazmun-mohiyatini tadbir ishtirokchilariga tushuntirdi. Aholini ma’naviyat tushunchasini qadrlashga undadi. Tadbir davomida “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida Sherzodxoʻja Valiyev Nuroniy jamgʻarma fondi tomonidan taqdirlandi. Shuningdek, el suygan, taniqli sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.











Ko‘p o‘tmay tadbir ruhiyati Mirobod tumanidagi 110-sonli IDUMga ko‘chib o‘tdi.  Mirobod tumani hokimining o‘rinbosarlari Feruza Madaminova, Saidrasul Saidxanov,  tuman prokurori o‘rinbosari Umid Abdullaev, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Yodgora Ziyamuhammedova, Farida Umarova, Mirobod tumani bosh imom xatibi Merojiddin Haydarov, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, yuridik fanlari doktori Feruza Muhiddinova, shuningdek, mahalla faollari, yoshlar hamda tuman madaniyat bo‘limi xonanda va sozandalari ishtirokidagi tadbir aholi tomonidan juda iliq qarshi olindi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ma’naviy-ma’rifiy yuksalish borasidagi islohotlar, Yangi O‘zbekiston strategiyasida jamiyatning ruhini belgilab beruvchi eng muhim omillar, ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashish kabi masalalarga e’tibor qaratdilar.

 

Tadbir davomida O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyevaning jonli ijrodagi qo‘shiqlari, taniqli aktrisalar Yodgora Ziyamuhammedova va Farida Umarova ijrosidagi “qaynona-kelin” sahna namoyishi tadbir ishtirokchilarining davomli olqishiga sazovor bo‘ldi.











Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Shahriobod” mahallasida bo‘lib o‘tgan tadbir ham yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov, Ijtimoiy- maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, tuman bosh imomi Akbarali Mamatov, Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov va boshqa ma’naviyat vakillari ishtirok etdilar.

 

Tadbirda so‘zga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasiga razm solishga undab, tadbir ishtirokchilarini shukronalikka chorladi. Professor Muhammadjon Quronov esa yurtimizdagi yangilanishlar, yangi islohotlarning tub mohiyati haqida fikr bildirdi:

 

“Atrofimizga qaraylik. Yangi O‘zbekistonda nimalar yangilanayapti? Yangi muhtasham binolar, qurilishlarni ko‘rayapmiz. Eng muhimi, issiq uyimiz, halovat topadigan xonadonimiz bor”.

 

Tadbirdagi badiiy va musiqiy chiqishlar o‘z-o‘zidan tadbirga ko‘tarinki ruh baxsh etdi.











Aytganimizdek, poytaxtning boshqa tumanlarida ham aynan mana shu shior ostidagi ma’naviy-ma’rifiy badiiy-musiqiy tadbirlar kayfiyati hukm surdi. Jonli taassurotlar kirib kelayotgan yangi 2024-yil oldidan yangi rejalar va yangi niyatlar uchun ilhom berganiga ishonamiz.


Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//