“Ochiq chehra bilan yashaylik” – poytaxtimiz bo‘ylab “Mahallada duv-duv gap” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda

Saqlash
01:09 / 26.12.2023 1286 0

Dekabr oyining 22-kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishini oʻtkazdi. Maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat, sanʼat va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yigʻilishning asosiy mavzusiga aylandi.

 

Shu kunlarda kengaytirilgan yig‘ilishning mazmun-mohiyati keng jamoatchilik va aholi orasida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Muhokamalar bugun Toshkent shahrining bir nechta tumanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan o‘tkazilgan “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostidagi “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-musiqiy tadbirlariga ulandi.

 

Xususan, kunning birinchi yarmida Bektemir tumanidagi “Abay” mahallasida 200 dan ziyod yurtdoshlarimizni qamrab olgan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov, Bektemir tumani hokimi Tapil Muhammadziyoyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov, yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Barotov va boshqa tuman faollari ishtirok etdilar.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov o‘z kirish so‘zida Yangi O‘zbekistonda yaratilayotgan shart-sharoitlar, davlatimiz rahbari tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan vazifalar, mustaqillik va tinchlikning qadriga yetish, shuningdek, yosh avlodni ma’naviyatli qilib tarbiyalash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

 

Uning fikriga ko‘ra, “o‘sib kelayotgan yosh avlodga 1000 ta o‘quvchi deb emas, 1000 ta orzu, 1000 ta tayanch, O‘zbekistonning kelajagini quruvchi 1000 ta kuch deb qarash kerak”. Shuningdek, yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish muhimligi haqida so‘zlayotib, “Mutolaa madaniyati avvalo oiladan boshlanadi. Qani, menga aytingchi, qaysi biringiz oxirgi marotaba jurnal oʻqidingiz? Farzandlaringiz “G‘uncha” oʻqiydimi? Qaysi ayol “Saodat” jurnalini varaqalaganini eslay oladi? Kechirasizlar-u, hayot faqat yeb-ichishdan iborat emas...”, deya tadbir ishtirokchilarini chuqur mushohadaga undadi.

 

So‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev esa aholini shukronalikka chorladi va ijtimoiy tarmoqlardagi bugungi manzaralarga o‘z munosabatini bildirdi:

 

“Hamma joyda negativlar, fisq-u fasod, iddaolar, norozilik... Odamni koʻngli hijil boʻladi. Baraka topgurlar, ochiq chehra bilan yashaylik, shukr qilishni oʻrganaylik. Alloh ham yaxshilikni oʻylagan va yaxshi niyat qilgan bandasiga yaxshilikni va’da qilgan...”

 

Shuningdek, shoir o‘z qalamiga mansub she’rni ham o‘qib berdi:

 

Ming bor shukur ko‘kka yetar bo‘ylarimiz,

Har kun to‘yga ulanmoqda to‘ylarimiz.

Tirik jonni rizqin berar Qodir Xudo

Elga tinchlik so‘rar duogo‘ylarimiz.

 

Ne’matlarning eng yaxshisi halovatdir,

Gar nolisak bu Xudoga malomatdir.

 

Yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Barotov esa ma’naviyatning asosini ilm bilan bog‘ladi va tadbir ishtirokchilarini ilmli bo‘lishga chaqirdi:

 

“Hofizi mashhur, aktyori mashhur, teleyulduzi mashhur, blogeri mashhur, lekin nega olim-u olimalari mashhur emas. Bu gap yigʻlamoqdan beri boʻlib aytilayapti...

 

Ilm, fan, ta’limga ham e’tibor beraylik. Nega ariza yozganda 36 ta xato qilaman, nega 10 yil uyushiq boʻlaklar haqidagi darsda oʻtirib, yozayotgan matnlarimga tinish belgisini qoʻymayman, deb savol beraylik oʻzimizga...”

 

Shukronalik va ma’naviy yuksalish mazmunidagi qimmatli fikrlar kuy-qo‘shiqlar va musiqiy chiqishlarga ulandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Azim Mullaxonov, Shuhrat Dadajonov, xonanda Iroda Iskandarova, shuningdek, tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat taqdim etdi.

 

Tadbir davomida tarix va adabiyotimizga oid savollarga asoslangan viktorina ham o‘tkazildi va faol qatnashgan yoshlarga qimmatli kitoblar ulashildi.

 

Bektemir tumanidagi “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-musiqiy tadbirga ezgu niyatlar va nuroniy otaxonlarimizning duolari bilan yakun yasaldi.













Xuddi shu vaqtda Shayhontohur tumanidagi “O‘rda” mahallasida ham qizg‘in tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Shayhontohur tumani hokimining oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Ziyoda Tohirova, T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi, pedagogika fanlar doktori, professor Muhammadjon Quronov,  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Farog‘at Xudoyqulova, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova va boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.

 

Shayhontohur tumani hokimining oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Ziyoda Tohirova o‘z chiqishida tumandagi tarixiy mahallalar, ularning madaniy ahamiyati, shuningdek, bugungi kundagi qiyofasi bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlarni taqdim etdi.

 

T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi, pedagogika fanlar doktori, professor Muhammadjon Quronov esa “Shayhontohur tumanining tarixiy obidalari yoki qimmatli qadamjolari emas, balki odamlari haqiqiy boylikdir” deya, tuman hududida istiqomat qiluvchi aholiga urg‘u berdi. Shu asosda, inson tafakkuri va ilmi uning haqiqiy ziynati ekanligini ta’kidladi.
 

O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirovaning shukronalik mavzusidagi iqrorlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Farog‘at Xudoyqulovaning vatanparvarlik mavzusidagi she’rlari san’atkorlarning diltortar navolari bilan uyg‘unlashdi. Tadbir a’lo kayfiyatda yakunlandi.













Kunning ikkinchi yarmida ham turli manzillarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etdi. Xususan, Uchtepa tumanining “Katta Cho‘ponota” mahallasida ham 250 ga yaqin aholi mahalladagi Madaniyat markaziga jamlanishdi.

 

Bayramona ko‘rgazmalardan so‘ng tadbirning asosiy qismi boshlandi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov, tuman bosh imomi Ilhom Madaliyev, Ma’rifat targʻibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova va boshqa tuman faollari ishtirok etdilar.

 

Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov ochib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ma’naviyatli insonlar oilasida qaynona-kelin muammosi bo‘lmaydi, farzand ota-onani ranjitmaydi, qotillik yoki jinoyatga qo‘l urilmaydi, Vatanga xiyonat qilinmaydi. Ma’naviyatli oilaning har bir qadami axloq va insoniylikka xos bo‘ladi”.

 

Tuman bosh imomi Ilhom Madaliyev esa aholini har bir ne’matni qadrlashga va shukronalikka chorlagan bo‘lsa, Ma’rifat targʻibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning natijalariga urg‘u berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova ijrosidagi tantanavor she’rlar hamda san’atkorlarning musiqiy chiqishlari tadbir ishtirokchilariga juda manzur bo‘ldi.













“Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostidagi o‘tkazilayotgan “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-musiqiy tadbirlar poytaxtning boshqa tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi. Ertangi kun ham bayramona uchrashuvlarga boy bo‘lishi kutilmoqda.

 

Sirojiddin RUSTAMOV

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//