Chirchiq yaqinida egasiz itlar uchun “Hayot” boshpanasi filiali quriladi

Saqlash
21:24 / 16.11.2023 1289 0

Toshkent viloyati hokimiyati “Hayot” itlar boshpanasi uchun Chirchiq shahri chetidan yangi filial qurishga yer ajratdi. Bu haqda boshpana asoschisi Iroda Matkarimova maʼlum qildi.

Avvalroq “Hayot” maʼmuriyati mahalliy hokimiyat tomonidan qoʻllov yoʻqligi, moddiy mablagʻ yetishmasligi sababli hayvonlarni qabul qilishni toʻxtatayotganini eʼlon qilgandi. Oʻshanda boshpana egalari qarzga botayotgani, yangi boshpana qurishi kerakligi, ammo umid qiladigan hech kim yoʻqligini bayon qilgandi.

Matkarimovaning soʻzlariga koʻra, Toshkent viloyati va Chirchiq shahri hokimliklari hamda Milliy gvardiya “Hayot” muammolari haqidagi xabarga ertasi kuniyoq javob bergan.
 

“Uchrashuvda Milliy gvardiya, Chirchiq shahar va viloyat hokimliklari vakillari hozirda Toshkent viloyatidagi koʻp qavatli turar-joy binolari, taʼlim, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlarni qishga tayyorlash boʻyicha birgalikda ish olib borayotganliklarini aytishdi… Biroq hokimlik xodimlari Chirchiq mikrorayonlari boʻylab sayr qilganlarida, bu hayvonlarni oʻzlari koʻrishdi. Bizning yordam soʻrab qilgan faryodimiz sarsari itlar bilan boʻlgan qaygʻuli vaziyatning haqiqiy holatini aks ettirdi”, — deb yozdi u.
 

 

Chirchiq yaqinida boshpanaga qariyb 2 gektar yer ajratildi, hozirda hujjatlar tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda. Qurilish ishlariga viloyat va Chirchiq hokimliklari hamda Milliy gvardiya tomonidan yordam koʻrsatilishi kutilmoqda.

“Hayot”ning “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, Milliy gvardiya xodimlari panjara qurishga, elektr va suv oʻtkazishga yordam beradi, shuningdek, qarovchilar uchun uy tashkillashtirib beradi. Yanvar oyidan boshlab yangi filialda Chirchiq va Boʻstonliq tumanlarida “qoʻlga olingan” hayvonlarni qabul qilish rejalashtirilgan.

 

“Bu uysiz hayvonlar uchun boshpanalar qurilishining boshlanishi boʻladi. Ha, bu faqat boshlanish, lekin asosiysi, birinchi qadamlar qoʻyildi: yer bor, yaqin atrofda daryo bor, suv bilan bogʻliq muammolar boʻlmaydi, hujjatlar topshirildi va filial qurilishi tez orada boshlanadi”, — deya qoʻshimcha qildi Iroda Matkarimova.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent shahrida mushuklar uchun mehmonxona qurilgani haqida xabar bergandik.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//