Islom dinida oltin qoʻshilgan taomlarni yeyish mumkinmi?

Saqlash
17:06 / 18.09.2023 2203 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi Islom dinida oltin qoʻshilgan taomlarni yeyish mumkinmi degan savolga javob berdi.

Markazga koʻra, oltinni oʻzini yeyish yoki uni biror taomga qoʻshib tanovul qilish dinda durust emas.
 

“Birinchidan, aslida oltin va kumush naqd pul hamda ayollarga ziynat qilib yaratilgan. Uni yeydigan narsaga aylantirish joiz emas. Bunday qilish sharʼiy va insoniy urfga ziddir. Chunki biror bir millat, din yoki jamiyat oltin va kumushni taom sifatida qabul qilmagan.

Qurʼoni karimda Alloh taolo shunday degan: “Biz aytdik: Ey Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (neʼmatlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan boʻlib qolursiz (Baqara surasi,35-oyat).

Ushbu oyatda yemaslik kerak boʻlgan narsani yeyish zulm, deb eʼtiborga olinmoqda. Demak, tilla yoki kumushni yeyish ham zulm hisoblanadi.

Ikkinchidan, oltin va kumushdan yasalgan idishlarda taomlanish va ichish ham joiz emas. Paygʻambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deganlar: Oltin va kumush idishlarda (taom va suv) ichmanglar...(Muttafaqun alayh).

Ulamolarimizning soʻzlariga koʻra, bu qaytariqning sababi oltin va kumush idishlarda yeb-ichish kibr hamda faxrga olib boradi va faqir insonlarning koʻnglini sindiradi. Ushbu salbiy sifatlar oltinni idish sifatida ishlatgandan koʻra oltinni isteʼmol qilishda koʻproq topiladi. Bu esa oʻz navbatida inson qalbidagi bandalik sifatini yoʻqolishiga sabab boʻladi.

Uchinchidan, bu molni isrof va zoye qilish va neʼmatlarning qadrini yerga urish hisoblanadi. Paygʻambarimiz alayhissalom yeb-ichish, sadaqa va kiyinishda isrof qilish hamda kibrga ketishdan qaytarib shunday deganlar: Modomiki isrof va kibr aralashmas ekan yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar va kiyinglar (Imom Ibn Moja rivoyati).

Boshqa hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: Alloh taolo qiyl-u qol (mish-mish tarqatish), koʻp savol berish va molni zoye qilishingizni yomon koʻradi, deganlar (Imom Muslim rivoyatlari)“, — deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari Fatvo markazi xabarida.
 

 

Shuningdek, oltindan shifo maqsadida foydalanish bilan bogʻliq savolga ham javob berildi.
 

“Ayrim tabiblar shifo maqsadida kam miqdorda oltin isteʼmol qilishni tavsiya qilgan boʻlishi mumkin. Bu zaruratda boshqa dori qolmagani uchun “harom bilan davolanish” bobidan boʻlib, alohida mavzu hisoblanadi. Lekin odatdagi holatda tilla va kumushni taomga qoʻshib yeyish halol emas. Vallohu aʼlam”, — deya qoʻshimcha qilinadi xabarida.
 

 

Eslatib oʻtamiz, bungacha Oʻzbekistonda bir necha marta taomga oltin qoʻshish holatlari kuzatilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//