Kredit to‘lovlari kechikayotgan fuqarolar uchun yengillik beriladi

Saqlash
13:45 / 29.10.2025 138 0

O‘zbekistonda bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarda qo‘yiladigan minimal talablar yangilandi. Markaziy bank mazkur o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

 

Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, bu o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2026-yil 29-yanvardan kuchga kiradi.

 

Banklar tomonidan qarz oluvchi jismoniy shaxslarga kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumot berilishini nazarda tutuvchi standart cheklist shakli amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur cheklist qarz oluvchilarga kredit bilan bog‘liq majburiyatlar va ehtimoliy tavakkalchiliklar to‘g‘risida oldindan ma’lumot (tushuntirish) bergan holda, ularni kredit olish bo‘yicha mas’uliyatli qaror qabul qilishga undaydi.

 

Kredit to‘lovlarini kechiktirayotganlar uchun yengillik beriladi

Moliyaviy qiyinchiliklar sababli kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashga qiynalayotgan qarz oluvchilarning amaldagi kreditlari shartnomasi shartlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha bankning ichki tartibi bo‘lishi va uni iste’molchilarga oshkor qilishi yuzasidan talab belgilanmoqda.

 

Ushbu talab banklarning qiyin vaziyatlarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish, kredit shartnomasini restrukturizatsiya qilish jarayonlari shaffofligini ta’minlash va banklarda bu borada aniq qoidalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Banklar fuqarolarni ortiqcha qarzga undamaydi

Ayrim insofsiz amaliyotlarni cheklash, xususan iste’molchilarga kredit olish bo‘yicha arizasida (so‘rovida) ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha summada kredit taklif etgan holda uni olishga undamaslik, kredit qarzdorliklarini davlat tomonidan fuqarolarga ajratiladigan ijtimoiy nafaqa va yordam mablag‘lariga qaratmaslik hamda kredit shartnomasida yoki unga ilova qilingan kreditni qaytarish jadvalida to‘lovlar bo‘yicha belgilangan kalendar sanaga qadar kredit to‘lovlarini undirishga talab qo‘ymaslik belgilanmoqda.

 

Mazkur normalar aholining ortiqcha qarz majburiyatlariga ega bo‘lishini oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash va davlat tomonidan ajratiladigan maqsadli yordam mablag‘lari daxlsizligini ta’minlash hamda kreditni qaytarish jadvalida belgilangan kalendar sanalarga muvofiq kredit to‘lovlarini undirilishini tartibga solish bo‘yicha banklarning mas’uliyatini oshiradi.

 

Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilayotganda iste’molchining xohish-irodasini ifodalovchi har qanday belgilarni oldindan o‘rnatib qo‘yish, tanlab qo‘yish hamda kredit parametrlari ko‘rsatilgan maydonchalarni oldindan to‘ldirish cheklanmoqda. Bu esa o‘z navbatida, iste’molchilarning bank xizmatlaridan foydalanish jarayonlarida qaror qabul qilish erkinligini ta’minlaydi, bank mahsulotlari shartlarining shaffofligi mustahkamlanadi hamda bank va mijoz o‘rtasida kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarini oldini oladi.

 

Tijorat banklari tomonidan iste’molchilarga omonatlarni kafolatlash tizimi, kafolatlanadigan omonat turlari va miqdori, kompensatsiya berish tartibi va uni to‘lash muddatlari to‘g‘risida batafsil tushuntirish hamda hamda standart shakldagi axborot berish talabi belgilanmoqda. Qayd etilishicha, mazkur talab aholining omonat xavfsizligi yuzasidan xabardorligini oshirish, moliyaviy savodxonligini yaxshilash hamda ularning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//