Maktablarda dars soatlarini taqsimlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Saqlash
17:53 / 29.10.2025 146 0

O‘zbekistonda o‘qituvchilarga dars soatlarini taqsimlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

 

Nizomning 15-bandi tahrirlanib, umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, har yili 15-sentyabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari quyidagi ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanishi belgilandi:

 

– oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatiga ko‘ra);

– dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qo‘llaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga ko‘ra);

– birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatiga ko‘ra);

– ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatiga ko‘ra);

– oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;

– qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar (o‘qituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi bo‘yicha mazkur bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan ko‘rsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud bo‘lganda taalluqliligiga ko‘ra tegishli ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan o‘qituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega bo‘ladi);

– o‘rindoshlik asosida ishlayotgan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar;

– oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;

– oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar (faqat boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi o‘qituvchilar uchun);

– oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari.

 

Hujjatda qayd etilishicha, boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchilarning boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishincha ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olgani inobatga olinadi.

 

Umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//