Jamiyat
Mamlakatimiz viloyatlari, xususan, Buxoroda o‘tkazilayotgan "Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!" shiori ostidagi “Ma’naviyat festivali” doirasidagi tadbirlardan maqsad yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatini aholining turli qatlamlariga tushuntirish hamda bu borada befarq bo‘lmasligini ta’minlashdan iboratdir.
Bu safar viloyatning Romitan, Shofirkon, Qorovulbozor, Jondor va Olot tumanlarida bo‘lib o‘tgan ma’rifiy-madaniy tadbirlarda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, eng avvalo inson manfaatlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani qayd etildi hamda yangi Qomusimiz, yorqin kelajagimiz uchun ovoz berishga chorlandi. Bundan tashqari, aholiga Konstitutsiya mamlakatning asosiy qonuni ekani, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga solishi hamda har qanday me’yoriy-huquqiy hujjatlar, deylik, qonun, farmon, qaror kabilar ham avvalambor Konstitutsiyaga asoslanishi borasida tushunchalar berildi.
Romitan tumanidagi “Bog‘iturkon” madaniyat uyidagi tadbirda yangi Qomusimizdagi o‘zgartirishlarda ayrim huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish, qonunlardagi mavjud normalar mustahkamlanishi, konseptual yangi normalar kiritilishi, tahrir ma’nosidagi tuzatishlar nazarda tutilgani ta’kidlandi va aholining bu bo‘yicha barcha so‘roq-savollariga atroflicha javob berildi. Tuman hokimiyati tashabbusi bilan bo‘lgan “Sumalak sayli”da esa doshqozon atrofida mamlakatimiz rivoji va boshlangan ishlar samarasi haqida yaxshi duo va tilaklar qilindi.
Shofirkon tumanidagi akademik To‘ra Mirzayev nomidagi axborot-kutubxona markazida bo‘lgan targ‘ibotchilar guruhi avvalo shart-sharoitlar bilan tanishdilar, xodimlar va o‘quvchilar bilan suhbatlashdilar. Kitobning yurt ravnaqiga, kelajak avlodning dunyoqarashiga ta’siri, ilm – eng yaxshi investisiya ekani borasidagi fikrlar o‘quvchilar va ularning ota-onalarini ruhlantirib yubordi.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, tuman hokimligi mutasaddilari 4-sonli oilaviy bolalar uyida hamda “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi doirasida tuman Nogironlar jamiyati rahbari, “Eng matonatli tadbirkor ayol” mukofoti sohibi Dilrabo Namozova xonadonida bo‘lishdi.
Xuddi shunday targ‘ibot tadbirlari viloyatning Olot, Jondor va Qorovulbozor tumanida ham uyushtirildi. Kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish, bepul kasb-hunar ta’limi, o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmati davlat himoyasiga olingani, fuqarolarning bandligini ta’minlash haqida so‘zlanib, yangi Konstitutsiyaga kiritilayotgan ijtimoiy-huquqiy normalar xususidagi savollarga atroflicha javob berildi. Yangilanayotgan Konstitutsiya jamiyatimizning milliy taraqqiyot ehtiyojlaridan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni bunyod etishning huquqiy asoslarini mustahkamlashdagi istiqbolli qadam ekanligini ta’kidlandi.
Shu bilan Buxoroda “Ma’naviyat festivali” doirasidagi "Xalq Konstitusiyasi bilan xalqchil davlat sari!" shiori ostidagi tadbirlar o‘z yakuniga yetdi.
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q