Olimlar Amudaryoning qadimiy baliqlari xavf ostida ekanini aniqlashdi

Saqlash
17:14 / 04.06.2026 31 0

O‘zbekiston va Xitoy olimlari hamkorligida olib borilgan yangi tadqiqot Amudaryo havzasida uchraydigan noyob soxta kurakburun baliqlari keskin kamayib borayotganini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalari nufuzli npj Biodiversity jurnalida chop etildi.

 

Mutaxassislar tomonidan 2019 – 2024-yillar davomida o‘tkazilgan kuzatuvlar Amudaryoda yashovchi katta va kichik Amudaryo soxta kurakburun baliqlari populyatsiyasi jiddiy ekologik inqiroz ostida ekanini aniqladi. Tadqiqot davomida baliqlarning tarqalishi, tana o‘lchamlari hamda genetik holati o‘rganildi.

 

Olingan natijalarga ko‘ra, kichik Amudaryo soxta kurakburunining uzun tumshuqli shakli so‘nggi marta 1996-yilda qayd etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar uning mavjudligi tasdiqlanmagan. Bundan tashqari, katta Amudaryo soxta kurakburuni populyatsiyasida genetik xilma-xillikning keskin kamaygani aniqlandi.

 

Tadqiqotchilar fikricha, noqonuniy ov, daryo oqimining o‘zgarishi, gidrotexnik inshootlar ta’siri hamda tabiiy yashash muhitining qisqarishi ushbu noyob turlar uchun asosiy xavf omillari hisoblanadi.

 

Tadqiqotning birinchi muallifi, Xitoy Fanlar akademiyasi doktoranti Akbarjon Ro‘zimovning ta’kidlashicha, Amudaryo soxta kurakburun baliqlari nafaqat biologik xilma-xillikning muhim qismi, balki O‘zbekistonning tabiiy merosini ifodalovchi noyob turlardir.

 

 

Olimlar ushbu turlarni saqlab qolish uchun noqonuniy ovga qarshi kurashni kuchaytirish, daryo ekotizimlarini tiklash, sun’iy ko‘paytirish dasturlarini rivojlantirish va aholining ekologik xabardorligini oshirish zarurligini qayd etmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//