Sahna koʻrinishlari, savol-javoblar, tushuntirishlar – Buxoroda targʻibot tadbirlari qanday oʻtkazilyapti?

Saqlash
21:33 / 04.04.2023 1289 0

Buxoro viloyatida "Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!" shiori ostida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini aholining turli qatlamlariga tushuntirish maqsadida madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.

 

 

“Maʼnaviyat festivali” doirasidagi ushbu targʻibot tadbirlari viloyatning Buxoro, Kogon, Qorakoʻl, Gʻijduvon kabi tumanlarida oʻtkazildi. Ularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi Abduxalil Mavrulov, filologiya fanlari doktori, professor Rahimboy Jumaniyozov, bolalar shoiri Dilshod Rajab, sotsiologiya fanlari doktori Mavluda Gʻafforova, falsafa fanlari doktori, professor Sayyora Toʻychiyeva, xonanda Sardor Roʻzimurodovlar ishtirok etdi.

 

 

Buxoro tumanining Galaosiyo mahallasida boʻlgan tadbirda xalqimiz muallifligida yaratilayotgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi oʻzgarishlar, kiritilgan yangi modda hamda normalarning ahamiyati toʻgʻrisida soʻzlandi. Kogon tumanidagi 6-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabidagi tadbirda Konstitutsiyaning taʼlim toʻgʻrisidagi 41-moddasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar haqida so'z bordi. Jumladan, isteʼdodli yoshlarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, taʼlimni davom ettirishini kafolatlanishi, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi koʻzda tutilayotgani haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

 

 

 

Xuddi shunday targʻibot tadbirlari Qorakoʻl va Vobkent tumanlarida ham tashkil etilib, ularda sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, sud tizimiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar haqida suhbatlashildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ayollar huquqlariga ham keng oʻrin berilayotgani, ularning homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ish haqini kamaytirish taqiqlanishi haqida soʻzlanib, bunday vaziyatlarga duch kelinganda qanday yoʻl tutish kerakligi tushuntirildi. Tashkilotchilar tomonidan aholining referendum toʻgʻrisidagi savollariga atroflicha javob berildi.

 

 

Buxoro viloyatidagi har bir tadbir shu kabi mazmunli va aholi uchun foydali tarzda uyushtirilmoqda. Ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashish uchun turli sahnalashtirilgan chiqishlar, kuy-qoʻshiqlar ijro qilinmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//