Siyosat
Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Global ekologik jamg‘arma 8-assambleyasi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
Prezident ushbu yig‘ilish 5-iyun – Butunjahon atrof-muhit kuni arafasida o‘tayotgani alohida ramziy maʼnoga egaligini ta’kidlab, anjuman ishtirokchilarini ushbu muhim sana bilan tabrikladi.
Bugungi kunda insoniyat misli ko‘rilmagan inqirozlar – iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlarga duch kelayotganini, bu kabi muammolarni hal etishda Global ekologik jamg‘arma alohida o‘rin egallab kelayotganini ta’kidladi. 186 ta davlatni birlashtirgan ushbu global hamkorlik platformasi hozirga qadar 170 milliard dollardan ziyod mablag‘ni ekologik loyihalar uchun safarbar etgani tahsinga sazovor ekanini bildirdi.
Yangi Oʻzbekiston mavjud muammolar koʻlamiga qaramay, ekologik transformatsiyani yangi taraqqiyot modeli sifatida koʻrmoqda. Shu bois, tizimli loyiha boshqaruviga oʻtib,atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillik, chiqindilarni boshqarish, koʻkalamzorlashtirish, ekologik taʼlim va madaniyatni qamrab olgan beshta milliy loyihani amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Shuningdek, davlat rahbari bir qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.
Birinchidan. Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb eʼlon qilish taklif etildi.
Samarqandni mintaqaviy “yashil iqtisodiyot”, barqaror rivojlanish va iqlim moliyasi markaziga aylantirish, shaharni pilot “yashil hudud” sifatida rivojlantirishni hamda ushbu tajribani keyinchalik respublikaning boshqa shaharlariga ham tatbiq etish maqsad qilgani ta’kidlangan.
Ikkinchidan. Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti qoshida Ulugʻbek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.
Institut hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini yashil va barqaror rivojlanish asosida transformatsiya qilish, xalqaro ilmiy markazlar va moliya institutlarini jalb etish boʻyicha yetakchi ilmiy-tahliliy platforma boʻladi, uning strategik boshqaruvi esa Prezident huzuridagi Vasiylik kengashi orqali amalga oshiriladi.
Uchinchidan. Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Iqlim oʻzgarishi va gidrometeorologiya milliy markazi tashkil etilmoqda.
Markaz gidrometeorologiya, erta ogohlantirish, glyatsiologiya, iqlim taʼsirini baholash va issiqxona gazlari monitoringini uygʻunlashtirib, iqlim prognozlari, modellashtirish, moslashuv va mitigatsiya dasturlari, mintaqaviy hamkorlik hamda WMO GAW va NASA AERONET dasturlarida ishtirok etish uchun institutsional zamin yaratadi.
Toʻrtinchidan. Yaqinda Qozogʻiston Prezidenti bilan “Toza havo” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilganligi ta’kidlanib, uning faoliyati “yashil” moliyani jalb etish, oʻrmon-melioratsiya, ilmiy tadqiqotlar, sanoatni ekologik modernizatsiya qilish hamda monitoring va nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Mintaqaning barcha davlatlarini Konsorsium faoliyatiga qoʻshilishga taklif etildi.
Beshinchidan. Choʻllanishga qarshi kurash instituti negizida Orolboʻyida choʻllanish oqibatlarini yumshatish, “yashil” qalqonlar barpo etish va iqlim moslashuviga qaratilgan “choʻl iqtisodiyoti” tashabbusini ilgari surib, uni GEFning ustuvor yoʻnalishlari bilan hamohang holda xalqaro moliyaviy hamda texnik koʻmak asosida amalga oshirishni taklif etildi.
Oltinchidan. 2027-yilgi Toshkent investitsiya forumi “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” mavzusida oʻtkazilib, uning doirasida “Eco Expo Central Asia” xalqaro koʻrgazmasi tashkil etiladi.
Forumda har bir hudud yashil investitsiyalarni jalb qilish uchun kamida 100 ta istiqbolli loyihani tayyorlab, investorlarga taqdim etadi.
Shuningdek, davlat rahbari yana bir muhim tashabbusni ilgari surib, Oʻzbekiston Global ekologik jamgʻarma donor mamlakatlari qatoriga qoʻshilishga tayyor ekani, Jamgʻarma Kengashi aʼzosi sifatida qoʻshma mintaqaviy tashabbuslarni amaliy qoʻllab-quvvatlash va hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilinganini ta’kidlab o‘tgan.
Ilm-fan
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Sport
112440
Jamiyat
95102
Jamiyat
91329
Jamiyat
76019
Jamiyat
//
Izoh yo‘q