Oqqoʻrgʻonda oʻquvchilar dars vaqtida pul yigʻishga yuborilishiga yoʻl qoʻygan maktab direktori ishdan boʻshatildi

Saqlash
14:23 / 30.03.2023 1283 1

Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanida joylashgan 17-maktab direktori ishdan olindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.

 

Avvalroq ushbu maktab oʻquvchilarining dars vaqtida pul olib kelish uchun uyiga joʻnatilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, unda oʻquvchilar simkarta sotib olish uchun 10 ming soʻm pul soʻralayotganini aytgandi.

 

Vazirlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishda holat haqiqatan ham “Tashabbusli budjet” bilan bogʻliqligi oʻz tasdigʻini topgan. Xabarda maktab direktorining ismi-sharifi, oʻqituvchi kim ekani, nima uchun ogohlantirish olgani batafsil keltirilmagan.

 

“Maktabi yaqinda taʼmirdan chiqqan boʻlishiga hamda qayta-qayta ogohlantirishlarga qaramay, hech qanday soʻz bilan oqlab boʻlmaydigan holatga yoʻl qoʻyganligi uchun maktab direktorini lavozimidan ozod etish boʻyicha qaror qabul qilindi, oʻqituvchiga esa ogohlantirish berildi”, — deyiladi xabarda.

 

Vazirlik bunday holat boshqa maktablarda ham takrorlanmasligiga umid bildirgan.

 

Toshkent viloyati hokimligi xabariga koʻra, oʻquvchilarni “Tashabbusli budjet”ga ovoz yigʻish uchun jalb qilish boʻyicha topshiriq maktab direktori tomonidan berilgani aniqlangan. Hodisa mazkur maktabning filialida sodir boʻlgan. Filialda 45 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchisi taʼlim oladi.

 

Oʻquvchilarni ovoz yigʻishga jalb qilgan sinf rahbarlariga intizomiy jazo berilgan, maktab direktori L.Usmanova egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

 

Toshkent viloyati hokimligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, maktab filiali yaqinda taʼmirdan chiqarilgan boʻlib, zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Maktab jamoasi oʻz tashabbusi bilan “Tashabbusli budjet” kampaniyasida qoʻshimcha elektron doska, kompyuter jihozlari olish uchun ishtirok etgan. Soʻralgan mablagʻ miqdori – 300 million soʻm.

 

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ushbu jihozlarga ehtiyoj borligini oʻrganish, shundan soʻng mahalliy byudjet hisobidan maktabni soʻralgan jihozlar bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatma bergan.

 

Toshkent viloyati hokimligi “Tashabbusli budjet” kampaniyasida bolalardan foydalanishni qatʼiyan qoralashini maʼlum qilgan.

 

Mavzuga doir: “Openbudjet”ga ovoz yigʻuvchilar kola, yogʻ va pullarni qayerdan olyapti?

1 Izoh

Olim

12:01 / 01.01.1970

Maktab direktorini nima aybi bor? Ahmoqona jamiyatda yashash juda kulgili! Direktorga bosim qilgan maddoxlar, tepadagilar ishdan olinishi kerakmasmi aslida?

Izoh qoldirish

//