“Openbudjet”ga ovoz yigʻuvchilar kola, yogʻ va pullarni qayerdan olyapti?


Saqlash
17:24 / 29.03.2023 2024 0

“Openbudget” va unga ovoz yigʻish jarayoni ayni kunlarning asosiy mavzusi boʻlib turibdi. Odamlar mahallasi / maktabi uchun ovoz yigʻishda har xil yoʻllardan foydalanmoqda. Kimdir 2 ta ovoz uchun 1 ta pepsi / kola taklif qilayotgan boʻlsa, boshqalari paypoq va shunga oʻxshash kichik buyumlar bilan oʻziga jalb qilmoqchi boʻlyapti. Ehtimol, Ramazon oyi boʻlgani uchundir ovoz yigʻayotganlar orasida ichimlik oʻrniga naqd pul berish yoki “paynet”ni samaraliroq deb bilayotganlar ham yetarlicha topiladi. Dilni xira qiladigani, aksariyat hududlardagi maktablarda oʻqituvchilar ham ovoz yigʻishga majburlanayotgani haqida xabarlar yangradi (“skrinshot”lar bunga dalil); hatto Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning shaxsan oʻzi munosabat bildirib, muallimlarning majburiy mehnatiga yoʻl qoʻyilmasligini eslatdi. Ovoz berish jarayonlari 6-aprelga qadar davom etishini inobatga olib, xulosa qilinsa, “Openbudjet” yana kamida bir haftacha trenddan tushmaydi.

 

Maʼlumot koʻra, 1,5 trln soʻm ajratilgan va tasdiqlangan 33 mingdan ziyod tashabbus uchun 12 mln.dan ortiq ovoz toʻplab boʻlindi. Bu mutlaqo rekord. Avvalgi mavsumda jami 7,8 mln ovoz toʻplangan edi.

 

Jamoatchilik faoli Shahnoza Soatova Twitter sahifasida o‘rinli bir savolni oʻrtaga tashladi. Bloger shunday deb yozadi: “Openbudjet”ga ovoz yigʻuvchilarga, tarqatilayotgan kola, yogʻ va hokazolarga kim pul beryapti, moliyalashtiruvchilari kim? Ijtimoiy faol fuqarolarmi? Shunaqa fuqarolardan nega birortasini tanimaymiz?” Quyida ushbu savolga berilgan eʼtiborga molik javoblar taqdim etiladi.

 

Otabek Ortiqov: “Bir tanish oʻqituvchim oyligidan 2 mln soʻm beribdi”.

 

Xushnud Nabiyev: “Mahallada oʻziga toʻq odamlardan pul yigʻishib olishyapti ekan”.

 

Shohjahon: “Sinfdoshimni mahallasidagi erkaklar har kuni guzarda yigʻilib reja qilishadi. Hozirgacha 60 mln.dan koʻp ”rasxod“ qilishibdi. 800 mln.lik asfaltni yutish uchun. Mahallani yoshi ulugʻlari, bizdan shu qoladi deb chekinishmayapti ekan”.

 

Shuhrat Shokirjonov: “Shu mavzuda maqola yozdim. Quruvchilar ekan. Odamlar moliyalashtirishga pul u yoqda tursin, tekin SMSniyam bermadi otamning mahallasida”.

 

Shokirjonovning Kun.uz saytida eʼlon qilingan maqolasida “Tashabbusli budjet”dagi qingʻirliklar haqida soʻz boradi. Xususan, unda koʻchalarda kola, “paynet” oldida pul tarqatuvchilar mahalla yo maktabning emas, loyihani yutishdan manfaatdor quruvchining odamlari ekanligi aytilgan.

 

Jahongir: “Akamning kursdoshi Chiroqchidan. Rossiyada yurgan yoki amali bor odamlar bilan bogʻlanib, oʻzlariga pul tashlattirishar ekan. Odam yollab, birini Surxondaryoga, boshqasini Toshkentga joʻnatishar ekan. U borib, ovoz toʻplarkan. Koʻcha, masjid, suv, maktablar bitibdi”.

 

Qahramon Aslanov: “Qismini faol boylar beradi, qismini yigʻishadi hammadan, bermasa ham boʻladi”.

 

 

Abror: “Bizda xalq oʻzi yigʻyapti. Hozirgacha 30 mln soʻmga yaqin yigʻib qoʻyishdi”.

 

Diyor Bahromov: “Men tanishim bilan gaplashib, 3 mln.ga simkarta olib berdim mahallamga. Shu bilan jami olgan simkartalarimizga 12 mln pul ketdi”.

 

Ismoil Yusuf: “Bugun bir doʻstimdan soʻrasam, asfalt uchun ovoz yigʻishga qishloqdagilar 1 mln.dan tashladik dedi, shu pulga kola va pepsi olisharkan”.

 

Suhrob: “Openbudjet ilk paydo boʻlgan paytlarda, bir qishloqning 9-10 mln.cha budjetchasi boʻlgan. Qishloq faollari maslahatlashib, bu pulga simkarta sotib olishgan. Natija kutilganidek boʻlgan, koʻchalar sifatsiz boʻlsa-da astfaltlangan”.

 

Zafar Toʻraqulov: “Xalq va tadbirkorlar. Biz ikki marta 4000 ovoz bilan yutganmiz. Xarajatimiz faqat mashinaga benzin / gaz, 2 ta operatorga sarflangan (2-3 mln). Yoshlar birikib birdamlikda ishlab, 3,5 km asfalt boʻldi. Ungacha faollar Lenin davridan buyon asfalt uchun kattalar oldida qatnab hech narsaga erishishmagan.

 

Endi esa ishga pul aralashdi. Har doimgidek 3000 ovoz bilan yuta olamizmi yoki yoʻq – nomaʼlum. Biz boricha harakat qilaylik-chi. Millionlab xarajatlar qilinmayapti-ku? Oʻxshamasa, ham achinmaymiz. Asosiy daʼvomiz bitdi”.

 

 

Navroʻzbek Ergashev: “Hamma oʻzining oyligidan moliyalashtiradi. Hech kim pul ajratmagan, na maktab va na kasalxona, hech qayda pul ajratilmadi. Oʻqituvchi, hamshiralarning boʻyniga yuklangan, topib kelasan deb”.

 

Elmurod Ermatov: “Shogirdim chet elda, mahallasi openbudjetda yutishi uchun 10 ming dollar berdi. Yana besh ming bermoqchi. Yonimdagi Qoraqalpoq mahallasida Rossiyada ishlab yurgan yigitlar 15 ming joʻnatishdi. Xalq pul yigʻdi. Andijonda quruvchi pul berganini eshitmadik”.

 

Inobat Ahatova: “Bizni qishloqda koʻchamizdagi tadbirkorlar moliyalashtiryapti, ovoz yigʻishni tashkillashtirayotgan yoshlarning kontraktini ham toʻlab berishadi har yili”.

 

Mushtariy: “Mahalla aholisidan yigʻilgan pullar ekan. Magazinlarga eʼlon, hatto joylarga ehson qutilari oʻrnatishibdi. Ajoyib”.

 

Baxtiyor Mirzo: “Ijtimoiy faol fuqarolar emas. Oʻsha buyurtmani yutib olmoqchi boʻlgan quruvchilar. Ular molini sotib boʻlsayam ”homiylik“ qilishadi. Pullarini esa ”sifat“ bilan chiqarib olishadi. Bu aksioma”.

 

Ulugʻbek Nazirov: “Tadbirkorlar, qurilish tashkilotlari. Fuqarolar bir tiyin ham bermaydi. Chunki ularda ishonch yoʻq budjetga”.

 

Mirzaolim: “Kecha ”Tinchlik“ metrodagi ovoz yigʻayotgan yigitlardan shu haqda soʻragandim. Koson tumanida yoʻl qurilishi uchun harakat qilishayotgan ekan. 30 yoshlar atrofidagi yigit oʻzim boshladim, dedi. Mahalladagi aholi, qishloqdoshlar pul berishgan ekan”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22391
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//