Fargʻonalik ayol bolasiga buyragini berdi

Saqlash
12:03 / 28.03.2023 974 0

Guliston tibbiyot klasterining jarrohlik boʻlimida buyrak transplantatsiyasi oʻtkazildi.

 

Fargʻona viloyatining Furqat tumanidan boʻlgan 24 yoshli Sheralijon Azimjonov surunkali buyrak yetishmovchiligi sababli oʻtgan yil dekabr oyidan buyon mazkur tibbiyot klasterining nefrologiya va gemodializ boʻlimida muolaja olib kelayotgandi.

 

Shifokorlar ahvoli yomonlashib borayotgan bemorning yaqinlariga bu darddan xalos boʻlishning yagona yoʻli buyrak transplantatsiyasi ekanligini aytishgan.

 

“Oʻgʻlimizga donor boʻlish uchun turmush oʻrtogʻimning qon guruhi toʻgʻri kelmadi. Shundan keyin qator tekshiruvlar oʻtkazilgach, buyragim farzandim uchun mos kelishini aytishdi. Rosti, shunday sevindimki, buni soʻz bilan ifodalay olmayman”, — deydi bemorning onasi Olmaxon Rahmonova.

 

Operatsiya akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari ishtirokida muvaffaqiyatli bajarilgan.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga koʻra, barcha xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berilgan. Hozirda ona va bolaning salomatligi yaxshi. Yaqin kunlarda ular butunlay oyoqqa turib, oilasi bagʻriga sogʻ-omon qaytadi.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Samarqandda uka opasiga jigarini bergani, operatsiya 8 soat davom etgani haqida xabar berilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish