Samarqandda uka opasiga jigarini berdi. Operatsiya 8 soat davom etdi

Saqlash
10:03 / 14.03.2023 1300 0

Samarqand davlat tibbiyot universitetida Turkiyaning Istanbul shahridagi “Medical Park” tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi amaliyoti oʻtkazildi, deb xabar bermoqda SSV axborot xizmati.

 

Qayd etilishicha, qoʻshrabotlik 48 yoshli Saida Nurmurodovaga bundan 3 yil avval unga ogʻir xastalik — jigar sirrozi tashxisi qoʻyilgan. Shundan soʻng vaqti-vaqti bilan konservativ muolajalar olib kelgan.

 

Biroq davo choralari kutilgan natija bermagach, ushbu universitet klinikasi mutaxassislariga murojaat qilgan. Kasallik terminal bosqichga oʻtgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida jigar koʻchirib oʻtkazish amaliyoti tavsiya etilgan.

 

Tibbiy tekshiruvlardan soʻng bemorning 1977-yilda tugʻilgan ukasi Asliddin Alimov jigarining bir boʻlagini koʻchirib oʻtkazish uchun barcha koʻrsatkichlar mos kelgan.

 

Samarqand davlat tibbiyot universitetida bajarilgan operatsiya 8 soat davom etdi. Hozir bemor hamda donorning ahvoli yaxshi. Ularning har ikkalasi shifokorlar tomonidan tibbiy nazoratga olingan va kerakli tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.

 

“Bunday murakkab operatsiyani bajarish uchun universitetimiz koʻp tarmoqli klinikasining Xirurgiya boʻlimi yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Qolaversa, “1-son xirurgik kasalliklar”, “Anesteziologiya, reanimatsiya va shoshilinch tibbiyot” va “1-ichki kasalliklar” kafedralari professor-oʻqituvchilari klinikaning yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda Turkiyaning ”Medical Park“ tibbiyot markazida bir yil davomida malakalarini oshirib qaytdi”, — deydi oliy oʻquv yurti rektori Jasur Rizayev.

 

Rejaga koʻra, turk mutaxassislari bilan imzolangan memorandum doirasida mazkur klinikada yaqin kelajakda yiliga 50 ga yaqin jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarish imkoniyati yaratilishi qoʻshimcha qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish