Turkiyadagi zilzila oqibatida bir nafar oʻzbekistonlik halok boʻldi

Saqlash
18:39 / 07.02.2023 1240 0

Turkiyadagi zilzila oqibatida bir nafar oʻzbekistonlik halok boʻldi. Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, 7-fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10:00 holatiga koʻra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlgan. Bundan tashqari, toʻrt nafar oʻzbekistonlik bedarak yoʻqolgan. Ularni topish boʻyicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Vazirlikning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlogʻida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik oʻzbeklar istiqomat qiladi.

 

Oʻzbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan fuqarolarni tabiiy ofat hududlaridan xavfsiz joylarga koʻchirish va mamlakatimizga olib kelishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Jumladan, 3—6-fevral kunlari Kahramanmarash shahrida 20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida erkin kurash boʻyicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Anqaradagi taʼlim markaziga vaqtinchalik joylashtirildi va ularning Oʻzbekistonga qaytarish masalalari ishlab chiqilmoqda.

 

Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda zilzila oqibatida zarar koʻrgan Oʻzbekiston fuqarolariga tegishli yordam koʻrsatish va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Oʻzbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan. Unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin: +90-538-035-85-34.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//