Buxoroda “Sinepar” siropidan bolalar oʻlgani haqidagi yolgʻon xabar tarqatilgani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
14:57 / 26.01.2023 1021 0

Buxoroda “Sinepar” siropini ichish tufayli bolalar oʻlimi kuzatilgani haqidagi yolgʻon xabar tarqatilgani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Buxoro viloyat prokuraturasi xabar berdi.

 

“Bukhara News” Telegram-kanalida “Bir kunning oʻzida “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola oʻlib qolgani aytilmoqda” nomli video murojaat eʼlon qilingandi. Videomurojaat maʼlumotlarning haqqoniyligi oʻrganilmasdan eʼlon qilingani oqibatida aholi orasida vahima chiqarishga sabab boʻlgan maʼlumot tarqatilgan.

 

Shu sababli viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 244 1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi”, — deyiladi prokuratura bayonotida.

 

“Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunining 12 1- moddasida axborot resursining egasi, shu jumladan blogerlarga oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtirilguniga qadar uning toʻgʻriligini tekshirish majburiyati yuklatilgani eslatib oʻtilgan.

 

Qoʻshimcha qilinishicha, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlarini olib borish viloyat IIBga yuklatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//