“Dok-1 Maks”dan oʻlgan bolalarning yaqinlariga kompensatsiya toʻlanadimi? SSV vakili javob berdi

Saqlash
15:36 / 19.01.2023 824 0

Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” dori vositalarining nojoʻya taʼsiri sabab Oʻzbekistonda 20 nafar bola oʻtkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan vafot etdi. Buning ortidan Oʻzbekiston davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi “Quramax Medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ masʼul shaxslariga jinoyat ishi qoʻzgʻatdi.

 

18-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Xalqaro press-klub sessiyasida Sogʻliq saqlash vazirligi rasmiylaridan “Dok-1 Maks” dori vositalaridan vafot etgan bolalarning oila aʼzolariga kompensatsiya toʻlash masalasida izoh soʻraldi. Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxonovaning maʼlum qilishicha, ayni paytda har bir oʻlim holati oʻrganilmoqda.

 

“Bolalarning dori ichganligi toʻgʻrisida ota-onasi bilan suhbatdan keyin aniqlangan. Qaysi dorini ichgan, qaysi doridan zaharlangani hujjat bilan tasdiqlansagina, kompensatsiya toʻlash boʻyicha yuridik jarayonlar boshlanishi mumkin boʻladi”, — dedi vazir oʻrinbosari.

 

“Bolalarning zaharlangani oddiy shifoxonada aniqlanmadi, ularning hammasi nefrologiya, sunʼiy buyrak markazlarida aniqlandi. Sunʼiy buyrak markazidagi bolalarning 50 foizi ogʻir asoratli va oʻlimga olib keladigan patologiya bilan yotadi. Shuning uchun bu toʻsatdan yoki yoʻq joydan boʻlib chiqqan emas, ular (vafot etganlar nazarda tutilmoqda — tahr.) nefrologiya markazidagi bolalar. Hozir ularning har biri toʻgʻrisida tekshiruvlar olib borilyapti, bu isbotlansa, keyin hech qanday eʼtirozsiz barcha kompensatsiya mablagʻi toʻlanadi”, — dedi Elmira Bositxonova.

 

Uning qoʻshimcha qilishicha, odamlarda “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilishga ishonch paydo boʻlgan. Shu sababli ularning oʻzi shifokorga bormasdan mustaqil qabul qilishni boshlagan.

 

Maʼlumot uchun, “Dok-1 Maks” preparatini isteʼmol qilish natijasida vafot etgan bolalar soni 20 nafarni tashkil qiladi. Hozirda “Dok-1 Maks” siropini Oʻzbekistonga olib kiruvchi “Quramax Medika” farmatsevtika kompaniyasining litsenziyasi bekor qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//