“QURAMAX MEDIKAL” MCHJning litsenziyasi bekor qilindi

Saqlash
19:29 / 13.01.2023 2872 0

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish va qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib, yoʻq qilish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni boʻlib oʻtdi.

 

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 13-yanvardagi hal qiluv qarori bilan “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019-yil 10-dekabrdagi P6580-sonli litsenziya bekor qilinishi va qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yoʻq qilinishi belgilandi.

 

Mazkur iqtisodiy ish boʻyicha taraflar eʼlon qilingan hal qiluv qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkin.

 

Sudning huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ushbu hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi.

 

Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi boʻyicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi. Ushbu ajrim ustidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.

 

Eslatib oʻtamiz, “QURAMAX” MCHJ chetdan import qilgan Dok-1 Maks va boshqa dorilar isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan. Hozirgacha 20 ta bola shu siropdan halok boʻlgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//