Jamiyat
Toshkentda tez yordam haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima qogʻozlari kelayotgani sabab videomurojaat bilan chiqqani haqida xabar bergandik. IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ushbu videomurojaat batafsil oʻrganilayotgani va natija boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qilgandi.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qoʻshma bayonot berib, tez tibbiy yordam mashinalari alohida imtiyozga egaligini maʼlum qildi. Quyida ushbu bayonot taqdim etiladi.
Maʼlum qilamizki, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 17 prim 1-moddasi beshinchi xatboshisiga koʻra, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek, ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yoʻl harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning maʼmuriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi. Soʻng mazkur maʼmuriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.
Mazkur hujjatning 271-moddasi birinchi xatboshisining toʻrtinchi kichik bandiga koʻra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan boʻlsa, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan.
Maʼlumot uchun: tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek, ular kuzatib kelayotgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, harakatlanish xavfsizligini taʼminlash sharti bilan yoʻl harakati qoidalarining (7-bob, 9-16, 19-20 va 22-boblari, 1 va 2-ilovalari) talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Yoʻl harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega boʻlishi uchun maxsus xizmatlarning transport vositalarida koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishora yoqilgan boʻlishi shart. Ular oʻzlariga yoʻl berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan soʻnggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 128 prim 5-moddasi birinchi qismiga koʻra, maxsus xizmatlarning koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari toʻsiqsiz oʻtib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan xalaqit berish — BHMning besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
2022-yilning 1-noyabr kuni IIV Yoʻl harakati xavfsizligi, Respublika Tez tibbiy yordam xizmati markazi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi avtotransport boʻlimi masʼul rahbarlari ishtirokida tez tibbiy yordam avtomobillarining maxsus foto-video fiksatsiya moslamalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlari boʻyicha kelib chiqayotgan muammolar toʻliq bartaraf etilib, ishlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jahon
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q