Toshkentda tez yordam haydovchilari jarima qogʻozlari kelayotgani sabab videomurojaat bilan chiqdi

Saqlash
19:39 / 09.01.2023 1130 0

Toshkentda tez yordam haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima qogʻozlari kelayotgani sabab videomurojaat bilan chiqdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu videomurojaatda haydovchilar chaqiruv boʻyicha harakatlangan vaqtida yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar, xususan, tezlikni oshirish, “polosa”ni bosish, qizil chiroqda oʻtib ketganlik uchun jarima qogʻozlari kelayotganidan shikoyat qilgan.

 

Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu videomurojaat batafsil oʻrganilmoqda, natijasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

 

Shuningdek, 2022-yilning 1-noyabrida IIV JXD YHXX boshligʻi va Tez tibbiy yordam xizmati markazi rahbari hamda SSV avtotransport boʻlimi masʼul xodimlari ishtirokida tez tibbiy yordam avtomobillarining maxsus foto-video fiksatsiya moslamalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlari boʻyicha kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan uchrashuv tashkil etilib, ishchi guruh tuzilgani bildirib oʻtilgan.

 

Maʼlumot uchun, tez tibbiy yordam avtomobilining haydovchisi Yoʻl harakati qoidalarining 25-bandi asosida belgilangan tartibda ayrim qoidalarning talablaridan chetga chiqishi mumkin. Bunday holatda maxsus kameralar orqali avtomobil qayd etilgan taqdirda kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning maʼmuriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi va maʼmuriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//