Jamiyat
Bugun, 10-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 30 yilligiga bagʻishlangan anjuman Milliy gvardiyaning Maʼnaviyat va maʼrifat markazida boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo soʻzga chiqdi:
– Milliy ozodligini qoʻlga kiritgan, milliy taraqqiyotining tarixiy bosqichiga qadam qoʻygan har bir xalq Vatanining shonli oʻtmishi, buguni va kelajagi, orzu-intilishlarini mujassam etgan davlat ramzlarini qabul qiladi. Bu ramzlar davlat suverenitetining oʻziga xos shahodatnomasidir. Madhiya – millatni hamisha oʻz ozodlik yoʻlida, ahdida sobit tutib turuvchi ruhiy quvvat manbai ham. Shu bois dunyo xalqlari oʻz madhiyasini nafaqat tantanali va munavvar kunlarida, hatto eng zahmatli va sinovli onlarida ham tik turib mardona kuylaydi. Madhiya millatni birlashtiradigan, yuksaltiradigan, yengilmas kuchga, yuksak iroda va qatʼiyat, jasorat timsoliga aylantiradigan qoʻshiqdir.
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev 30 yil avval Davlat madhiyasining qabul qilinish jarayonini eslab, koʻpchilikka qiziqarli boʻlgan faktlarni tilga oldi. Gimn musiqasining oʻziga xos jihatlariga toʻxtalib, milliy navolarimiz yoʻlida ulugʻvor va tantanavor ohanglarga qurilganini taʼkidladi.
Mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish yoʻlidagi fidokorona mehnatlari uchun bir qator yurtdoshlarimizga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi.
Shahnoza Saotova, Adliya vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi
Gulbahor Erqulova, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli oliy toifali artist maqomchisi
Salohiddin Azizboyev, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti professori
Dilorom Karimova, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti
Isamat Ergashev, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi
Dilfuza Rahimova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist
Zamira Suyunova, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti dotsenti
Javdat Poʻlatov, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti katta oʻqituvchisi, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Dilorom Bobojonova, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, tarix fanlari doktori
Muzaffar Ortiqov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Munavvarxon Usmonova, “Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira
Bayram arafasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Oyina.uz portali platformasida “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” mavzusida Davlat madhiyasini jamoaviy joʻr boʻlib kuylash tanlovi hamda onlayn viktorina oʻtkazildi. Shuningdek, Badiiy akademiya bilan hamkorlikda “Ranglarda aks etgan Vatan madhi” mavzusida rasmlar tanlovi ham tashkil qilindi. Tantanali tadbir doirasida barcha gʻoliblarga qimmatbaho sovgʻalar va pul mukofotlari taqdim etildi.
El suygan xonandalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Mudofaa vazirligining ashula va raqs ansambllari chiqishlari tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 30 yilligiga bagʻishlangan shu kabi tantanali tadbirlar butun mamlakat boʻylab davom etmoqda.
Jamiyat
Jahon
Jahon
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Xumora
12:01 / 01.01.1970
O'zbekiston dunyo ta'madduni beshigi bo'lgan zaminlardan biri va doim shunday maqomda BO'LISHDA DAVOM etadi.