“Komikslar evolyutsiyasi: immigrantlar, “Sariq bola” va matbuot urushlari” – “Til va adabiyot ta’limi” jurnalida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
16:56 / 05.06.2026 20 0

Kimki ko‘ngli buzilgan bir mazlumning dodiga yetsa, buning savobi vayron
qilingan Ka’bani tuzatgan bilan tengdir. Bir tomonda – “ko‘ngli buzug‘”
(siniq) inson, ikkinchi tomonda – “vayron Ka’ba”. Mana, shoir qanday qadriyatlarni solishtiradi?! Navoiyning insonni hamma narsadan muqaddas
va musharraf tutganiga, barcha narsani uning xizmatiga qo‘yganiga, ya’ni
tengsiz gumanizmiga bundan ortiq yana qanday dalil keltirmoq mumkin?! Tazodning chiroyli namunasi bo‘lgan bu qo‘shmisra ushbu g‘azalning
shohbaytidir. Aslida, yordan lutf-marhamat ilinjida aytilgan edi, lekin o‘z
holicha naqadar keng miqyosli insonparvarlik madhiyasiga aylangan.
” Mazkur parcha pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshning “Yuksak tuyg‘ularning inja tasviri” maqolasidan olingan. Hazrat Alisher Navoiy ijodining ko‘lami haqidagi mulohazalarning to‘liq matni bilan “Til va adabiyot ta’limi” jurnalining 2026-yil 2-sonida tanishing.

 

Aytishlaricha, g‘azallar shunchalik ovoza bo‘lganki, gazeta adadi tugab ketganidan keyin hatto kseronusxa chiqarib sotganlar. Qozog‘istondagi bir nashr g‘azallarni “Mohiyat”dan ko‘chirib bosgan. Odamlar esa kulishib: “Shoirlari og‘iz ochmas zinhor rost-u haqiqatdin / Alalxusus olg‘onlari o‘rdun o‘ldi, unvon o‘ldi”; “Dema-yu qirotiyo qani deya ahli jahon hayron mudom / Hama narsa bor bizda deb shaytonni-da chatodursan” kabi baytlarni aytib yurgan. Shunda Shukrullo domla Bahrom og‘aga: “G‘azalni tuzukkina yozar ekansan, nima qilasan hech kim tushunmaydigan, anglamaydigan modurun she’rlarni?!” degani hangomalarga mavzu bo‘lgan.” “Shoir kim?” ruknida “Oqib ketgisi keladi toshning” sarlavhasi ostida Ulug‘bek Jumayevning Bahrom Ro‘zimuhammad hayoti va ijodiga “ekspeditsiyasini o‘qiysiz.

 

Dunyo yozuvlarining aksariyatida XV asr o‘rtalarida Yevropa yozuv tizimi uchun ishlab chiqilgan punktuatsiya amal qilsa-da, o‘tgan davr mobaynida turli tillarda tinish belgilarining shakli, soni, funksiyalarini belgilashda sezilarli tafovutlar yuzaga keldi. Ayni paytda aksariyat yozuvlar, jumladan, o‘zbek yozuvining ham tarkibiy qismi bo‘lgan grafemalar – fonografema, prosodemografema, logografema, morfografema, signalizatorlar, orfografik, diakritik, tipografik, paleografik belgilar ichidan faqat o‘ntasi tinish belgisi sifatida tan olinadi.” Qarshi davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Bashorat Bahriddinovaning raqamli inqilob sharoitida tinish belgilar bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z borgan “O‘zbek raqamli tilshunosligi va punktuatsiya muammolari” maqolasini mazkur sonda o‘qiysiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Milliy badiiy diskurslarda “jinoyat” va “adolat” konseptosferalarining lingvomadaniy xususiyatlari” (Solijon Azizov), “Mashqning topshiriqdan farqi” (G‘ofir Hamroyev), “Komikslar evolyutsiyasi: immigrantlar, “Sariq bola” va matbuot urushlari” (Gulnoza Najmiddinova) maqolalari hamda “Hududlardagi ta’lim muassasalariga tashrif” yangiliklarini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, rus tili bo‘limida “Мой труд! Найди к душе народной путь...” (Гулнора Мансурова, Симела Абдуллаева), “След времени и сила слова в поэзии Зульфии” (Тимур Алимов), “Лингвистический “баскетбол” в работе по усвоению способов подчинительной связи в словосочетании” (Ирина Чергинская), “Лингвокультурные аспекты использования градуонимов в испанских и узбекских народных пословицах (Шоира Ташниёзова), “Иду вперед и песни я слагаю… (к 155-летию со дня рождения Леси Украинки)(Анатолий Лиходзиевский) kabi maqolalar o‘rin olgan.

 

Litseyda o‘qiyotganimizda Bosim domla degan keksa muallim bo‘lardi, yotoqxonada yashaydigan o‘quvchilarni yemoq-ichmog‘idan so‘rashtirib yurardi. Urush yillari Samarqandda tahsil olgani, bir o‘qituvchisi och-nahor talabalarni uyiga chorlab, oilasining kunlik nasibasini ular bilan bo‘lishganini ko‘zlari chaqnab so‘zlar, o‘sha yarim kosa mastavaning mazasini eslab tamshanib ham qo‘yardi. Bu yerda gap, tushunib turibsiz, qorin g‘amida emas. Qissadan hissa, yaxshilik silsilasi o‘ziga kelib kesilishini istamasdi domla. Hozir esa eng kamida bir shogirdi uning ishini davom ettiryapti...” “Muharrir minbari”dan olingan Farrux Jabborbekning ushbu mulohazasini jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Til va adabiyot ta’limi”ni mutolaa qiling, insoniyat oldidagi ijtimoiy burchlaringizda sobit bo‘ling, yaxshilik silsilasining davom etishiga hissa qo‘shing.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//