Oʻzbek futbol klublari Jahon chempionati orqali qancha mablagʻ ishlab oladi?

Saqlash
16:54 / 05.06.2026 69 0

Oʻzbekiston klublari 2026-yilgi Jahon chempionatida qatnashadigan futbolchilari orqali FIFAdan kamida 4,455 mln dollar ishlab oladi.


Mazkur mablagʻ FIFAʼning Club Benefits Programme dasturi asosida toʻlanadi. Dastur mundialga futbolchi yuborgan klublarni moliyaviy ragʻbatlantirishga qaratilgan boʻlib, har bir futbolchi uchun klubga kuniga 11 ming dollar toʻlanadi. Guruh bosqichi yakunigacha (11-iyundan 27-iyungacha), shuningdek, oʻyindan oldingi 10 kun tayyorgarlik bilan jami 27 kun hisob-kitob qilinsa, bir futbolchi uchun kafolatlangan toʻlov $297 mingni tashkil etadi.
 

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yakuniy tarkibiga mahalliy chempionatdan 15 nafar futbolchi kiritilgan. Ular mamlakat Superligasidagi sakkizta klub sharafini himoya qiladi. FIFA toʻlovlari boʻyicha eng katta ulush “Paxtakor” hissasiga toʻgʻri keladi. Toshkent klubi terma jamoaga toʻrt futbolchi bergani uchun 1,1 mln dollar oladi.


Shuningdek, “Neftchi” uch futbolchisi orqali 891 ming dollar undiradi. “Nasaf” va “Dinamo” klublari esa ikki nafardan futbolchisi uchun $594 ming dollardan kompensatsiya oladi. “Navbahor”, OKMK, “Surxon” va “Buxoro” klublari bittadan futbolchi uchun $297 mingdan mablagʻga ega boʻladi.


Maʼlumot uchun, AQSh, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatida eng koʻp futbolchi “Manchester Siti” klubidan ishtirok etadi. Angliya klubi mundialga 19 nafar futbolchi yuboradi. Kuchli beshlikdan “Bavariya” (18 nafar), “PSJ” (16 nafar), “Arsenal” (16 nafar) va “Barselona” (15 nafar) futbolchi bilan joy olgan.


Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhidan joy olgan va Kolumbiya, Portugaliya hamda DR Kongo bilan oʻynaydi. Terma jamoa birinchi turda 18-iyun kuni Mexiko shahrida Kolumbiyaga, ikkinchi turda esa 23-iyun kuni Xyuston shahrida Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Guruh bosqichining soʻnggi oʻyinini 27-iyun kuni Atlanta shahrida DR Kongoga qarshi oʻtkaziladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//