Kun fotosi: Qoʻlsiz rasm chizayotgan bolakay

Saqlash
17:41 / 29.10.2022 2220 0

Avvalroq, “Maʼnaviyat karvoni” Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi 46-sonli MTTDa “Zukko bolajon” foto-albomining taqdimoti boʻlib oʻtgani haqida xabar bergandik. Unda bir nechta bogʻchalardan tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar oʻz koʻrgazmalari bilan ishtirok etgan edi.

 

Ushbu koʻrgazmada ikki qoʻli boʻlmasa-da rasm chizayotgan bolakay oyina.uz muxbiri eʼtiborini tortdi.

 

Maʼlum boʻlishicha rassom bolakayning ismi Saidbek Shukurullayev. U Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanadi.

 

“Yoshim 7 da. Odatda daraxt, yer, bayroqning rasmini chizaman. Hozir chizayotganim yer. Shu yil maktabga chiqaman. Yana shaxmat oʻynashni ham yaxshi koʻraman. Katta boʻlsam harbiy boʻlaman”, — deydi qahramonimiz.

 

 

Uning tarbiyachisiga koʻra, bolakay oʻzi mustaqil ovqatlanadi, shaxmat oʻynaydi, plastilinlardan buyumlar yasaydi va rasm chizadi. Bola juda ziyrak, shu sabab u bilan shugʻullanish qiyinchilik tugʻdirmaydi.

 

“Bogʻchamizga Saidbek 2 yoshida kelgan edi. Oʻshanda uning qoʻllari deyarli koʻrinmasdi. Hozir barmoqchalari ham oʻsgan. Odatda oʻzini sogʻlom bolalardek tutadi. Biz unga qarashga qiynalmaymiz. Faqat Saidbekning charchagani hisobga olib, boshqalarga nisbatan koʻproq dam olishiga sharoit yaratamiz”, — dedi Mohira Ermatova.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//