Xorijiy tillarni oʻrganishga qarshi emasmiz, lekin bu oʻz ona tilini unutish hisobiga boʻlmasligi kerak – Minhojiddin Mirzo

Saqlash
16:00 / 28.10.2022 1569 0

“Madaniyat karvoni”ning navbatdagi manzili Namangan shahar Davlatobod tumanida yangi barpo etilgan namunali 46-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻldi.

 

 

Unda “Zukko bolajon” foto-albomining taqdimoti oʻtkazildi. Taqdimot oldidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, maʼnaviyat targʻibotchilari, “Maʼnaviyat karvoni” aʼzolari maktabgacha taʼlim tashkilotida tashkil etilgan koʻrgazma bilan yaqindan tanishishdi.

 

Xususan, mehmonlarga bolajonlar tomonidan yod aytilgan sheʼrlarni eshitgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ushbu bogʻcha tarbiyalanuvchilari uchun vatanparvarlik aks etgan sheʼrlarni toʻplam kitob nashr etish taklifini bildirdi. Shundan soʻng mehmonlar mohir qoʻllar toʻgaragi, sport zali, tibbiyot va musiqa xonasi bilan tanishishdi.

 

Shundan soʻng kitob-albom taqdimoti boshlandi. Taqdimot Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari tomonidan ochib berildi.

 

“Oʻz umrini, hayotining har bir daqiqasini dunyodagi eng sharafli ishga bagʻishlagan maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Maʼnaviyat targʻibotchilari, Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda katta jamoa boʻlib, ushbu loyihani amalga oshirdik. Kelgusida yanada katta ishlarni birgalikda qilishimizga ishonaman.

 

Biz baʼzida bolalarning qadriyatlarimizni bilmasligi haqida gapiramiz. Lekin oʻzimiz ularga oʻsha qadriyatlarni bera olyapmizmi? Oʻsha merosni ularga yetkaza olyapmizmi? Gohida bu savolga javob berishga barchamiz qiynalamiz.

 

Axir bugun faqat ingliz tili yoki AKTni oʻrgatish komillikning belgisi emas. Xorijiy tillarni oʻrganishga qarshi emasmiz, lekin bu oʻz ona tilini unutish hisobiga boʻlmasligi kerak. Axir bizning juda ham chiroyli qadriyatlarimiz bor. Lekin baʼzan oriyat hissi, gohida esa hayo degan qadriyat bizdan uzoqlashgandek.

 

Bu loyiha orqali shu qadriyatlarni bolajonlarimizga yetkaza olamiz deb oʻylaymiz”, — dedi u.

 

 

Tadbirda bolajonlar tomonidan milliy qoʻshiq va raqslar ijro etildi. Yakunda esa maktabgacha taʼlim tashkilotlarining faol tarbiyalanuvchilari hamda tarbiyachilari diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

 

Maʼlumot uchun, ushbu albom mamlakatimizdagi 17 nafar fan arboblari, adabiyot, sanʼat, madaniyat namoyandalari, olimlar, shoir, yozuvchilar va sportchilar tomonidan maʼnaviy-axloqiy tarbiyani rivojlantirishga hissa qoʻshadigan xulosalar asosida toʻldirilib, 100 dan ortiq lavhalar bilan boyitilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//