Budda va Kushon shahzodasi Parijga yoʻl oldi – Oʻzbekistondan 170 ga yaqin eksponat Luvr muzeyiga joʻnatildi

Saqlash
15:10 / 18.10.2022 1517 0

Avvalroq, Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva Fransiyaning Luvr muzeyida 23-noyabr kuni ilk bor Oʻzbekistonning boy merosiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston vohalari xazinalari. «Karvon yoʻllari chorrahasida” nomli koʻrgazma ochilishi haqida maʼlum qilgandi.

 

Xabar qilinishicha, koʻrgazmada namoyish etiladigan mamlakatimizning noyob eksponatlari 16-17-oktyabr kunlari Fransiyaning Luvr muzeyiga joʻnatildi.

OʻzR FA Sanʼatshunoslik instituti “Noyob obyektlar” boʻlimi boshligʻi, Arxitektura fanlari boʻyicha falsafa doktori Akmal Oʻlmasovning Oyina.uzʻga maʼlum qilishicha: koʻrgazmada hozirgi Oʻzbekistonning janubiy hududidan oʻtgan Buyuk Ipak yoʻli haqida hikoya qilinib, unda qariyb ikki ming yillik davrni qamrab oluvchi 169 ta eksponat, jumladan, Oʻzbekistonning 16 ta muzeyidan 138 dona osori-atiqa, shuningdek, dunyoning yetakchi muzeylaridan 31 ta muzey ashyosi namoyish etiladi. Institutning arxeologik kolleksiyasidan mazkur koʻrgazmaga mahobatli loy-ganch haykallar, terrakota haykalcha, fil va hayvon suyaklaridan ishlangan buyumlar, bronzadan ishlangan xavonchadan iborat jami 14 dona arxeologik ashyo ishtirok etadi. Mahobatli haykallar turli oʻlchamlarda boʻlib, eng kichiklari 25-30 sm, yiriklari esa 2 metrdan oshadi. Koʻrgazmaga tanlab olingan nodir ashyolar qatorida Xolchayondan topilgan va milod boshlariga oid yagona terrakota plaketka ham mavjud. Mazkur eksponatlarni koʻrgazmaga tayyorlash, taʼmirtalab ashyolarni konservatsiya qilish maqsadida institutga Fransiyalik tajribali restavratorlar tashrif buyurdi. Institut taʼmirlash laboratoriyasida salkam bir oy davomida kolleksiyaning koʻrgazmada qatnashadigan noyob eksponatlari, yaʼni Xolchayon va Dalvarzintepadan topilgan loy-ganch haykallar restavratsiya va konservatsiyasi amalga oshirildi. Mazkur ishlarda Fransiyalik bir guruh malakali mutaxassislarga institutning restavratorlari ham yordam berdi.

 

Manba: Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi

 

“Umuman olganda, koʻrgazma bugungi Oʻzbekiston hududidan oʻtgan Buyuk ipak yoʻli tarixi haqida hikoya qilinadi. Bu yerda mahobatli va dastgohli haykaltaroshlik asarlari, devoriy suratlar, saroylarga xos oʻyma pannolar, xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik buyumlari namoyish etiladi. Eng asosiysi, Luvr muzeyiga Yevropadan tashqari boshqa mintaqalardan ham tashrif buyuruvchilarning koʻpligini hisobga olsak, bu koʻrgazma Oʻzbekistonni jahon hamjamiyatiga tanitishda katta rol oʻynaydi deyish mumkin. Va, bu orqali ularni diyorimizga qiziqishini ortishiga hamda pirovardida turizm sohasini rivojlanishiga turtki beradi deb umid qilamiz” – deydi Akmal Oʻlmasov.

 

 

Manba: Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi

 

Eslatib oʻtamiz, ushbu loyihaga soʻnggi bir necha yil davomida Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining jamoasi tomonidan Luvr muzeyi kuratori Yannik Lints, ilmiy kurator Rokko Rante hamda loyihaning ilmiy maslahatchisi Shokir Pidayev bilan hamkorlikda puxta tayyorgarlik koʻrilgan.

 

Xabar toʻldirilmoqda

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish