Parijda Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan keng qamrovli koʻrgazmalar boʻlib oʻtadi

Saqlash
22:01 / 05.07.2022 1260 0

30-iyun kuni Parijda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Luvr muzeyi va Arab dunyosi instituti bilan Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan ikkita yirik koʻrgazma oʻtkazish boʻyicha shartnomalar imzoladi.

 

“Oʻzbekiston vohalari xazinalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi 2022-yil 24-noyabrdan 2023-yil 6-martgacha Luvr muzeyida boʻlib oʻtadi va III—XV asrlarda Ipak yoʻlida joylashgan Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlanadi. Ayniqsa, koʻrgazma uchun oʻzbekistonlik va fransuz mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston muzeylaridan 70 ga yaqin eksponat restavratsiya qilinmoqda.

 

“Samarqand sari yoʻl, Oʻzbekiston ranglari va koʻrki” koʻrgazmasi 2022-yil 22-noyabr kuni Arab dunyosi institutida ochiladi va 2023-yilning 4-iyuniga qadar davom etadi. Unda Oʻzbekistonning XIX-XX asrlar boshidagi eng boy moddiy madaniyati namoyish etiladi.

 

“Boʻlajak ikkita koʻrgazma hamkorligimizdagi yana bir muhim qadamdir. Ular deyarli bir vaqtning oʻzida Parijda boʻlib oʻtadi, Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati haqida koʻp qirrali tasavvurni shakllantirish hamda mamlakatimizning noyob merosini jahon madaniy kontekstida namoyish etish imkonini beradi. Oʻzbekiston azaldan madaniy almashinuv va savdo maskani boʻlib kelgan, Buyuk Ipak yoʻli esa qaysidir maʼnoda birinchi global iqtisodiy loyihaga aylandi”, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva.

 

Luvrdagi koʻrgazmada Oʻzbekiston muzeylari kolleksiyalaridan islomgacha boʻlgan davrdan Temuriylar davrigacha boʻlgan durdona asarlar namoyish etiladi. Ayniqsa, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi “Katta langar Qurʼoni”ni koʻrgazmada ikki sahifasi taqdim etiladigan eksponatlar qatoriga kiritishga muvaffaq boʻlgani alohida ahamiyat kasb etadi. Koʻrgazmaga tashrif buyuruvchilar uning noyob xattotlik va miniatyuralarini tomosha qilishlari mumkin.

 

– Parijda boʻladigan koʻrgazmalar mamlakatimizning boy madaniy merosini xalqaro maydonda namoyish etish uchun ajoyib imkoniyatdir. Arab dunyosi institutida oʻzbek matolari va milliy liboslariga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtadi. Hududlarning badiiy hunarmandchiligi Oʻzbekistonning boy madaniy merosining muhim qismidir. Hashamdor kashtachilik, toʻqimachilik, yogʻoch oʻymakorligi va nafis kumush buyumlar bilan bugun faxrlanamiz, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova.

 

Bundan tashqari, koʻrgazmada Buxoro amirligi davri tarixidan hikoya qiluvchi oʻn ikkita miniatyura namoyish etiladi. Shuningdek, ushbu koʻrgazma doirasida tomoshabinlarga ilk bor Marko Poloning XIII asr oxirida yaratgan, Marko Poloning Osiyoga qilgan sayohatlari haqidagi hikoyalarini oʻz ichiga olgan XIV asr kitobining nusxasi namoyish etiladi. Ushbu koʻrgazma Fransiya Milliy kutubxonasi tomonidan taqdim etiladi.

 

Koʻrgazmada Savitskiy nomidagi muzeyning rasmlari oʻrin olgan boʻlib, u yerda oʻzbek sanʼatining oʻziga xos rang va yorugʻlik komponenti, Oʻzbekiston quyoshini koʻrish mumkin. Muzey kolleksiyasida sharqshunos rassomlarning yorqin avangard rasmlari mavjud.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//